Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Xabarlar

Yangi diniy-ma'rifiy sayt xalqimizga muborak bo‘lsin!

 
 

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM

Muqaddas dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, avvalam-bor, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi dolzarb  masala hisoblanadi. Islom diniga da'vat qilish,  musulmon kishi o‘zining hayoti va xatti-harakati bilan o‘rnak bo‘lishi, Islomga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish, uni go‘zal tarzda taqdim etish, odamlarni unga qiziqtirish, Islomni jamiyatda ilgari surish dinda targ‘ib etilgan amallardandir. Alloh taolo Qur'oni karimda:

ادْعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ ۖ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ ۚ

Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav'iza ila da'vat qil. Va ular bilan go‘zal uslubda munozara qil (“Nahl” surasi,125-oyat).

Demak, toqati yetgan darajada Allohning yo‘liga chaqirish har bir musulmonning zimmasidagi amallardan hisoblanar ekan. Dinimiz sofligini asrash, xalqimizga ziyo va ma'rifat tarqatish, tinch va osuda damlarimizga shukronalik hissi bilan yashashga undash yo‘lida o‘z mehnat va bilim hamda tajribalarini sarflab kelayotgan imom xatiblarimiz din targ‘ibotchisi, shariat peshvosi hisoblanishadi. Samarqand shahrida faoliyat yuritib kelayotgan imom-xatib, imom noib va barcha diniy soha vakillari bugun yana bir xayrli ishni yo‘lga qo‘ymoqdalar. Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan,  biror-bir xabarni dunyoga yoyishda yoki kerakli savollarga javob topishda, bir so‘z bilan aytganda, axborotga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda internet eng asosiy xizmatchiga aylanayotganligi e'tibridan Samarqand shahar imom xatiblarining yangi “Savad-ul-azam.uz” nomli diniy-ma'rifiy veb-sayti ish boshlamoqda. Sayt xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodning ruhiy va ma'naviy olamini boyitish, xalqiga, Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo Islomga intilish, Qur'on va sunnatni o‘rganib amal qilish, islomiy ma'rifat taratish, salafi solih – ulug‘ mujtahidlarga ergashish, kengbag‘irlik va birodarlik ruhini tarqatish, Hanafiylik ta'limotini targ‘ib qilishdan iborat. Saytda muhim ahamiyatga molik turli xil bo‘lim va ruknlar bor. Xususan, Aqiyda, Qur'on, Hadis, Fiqh, Siyrat kabi ruknlar, Shuningdek Yangiliklar, So‘nggi maqolalar, Ota-onani e'zozlash va Muslimalarga oid sahifalar ham o‘rin olgan. Yana bir jihati – unda Samarqand vaqti bo‘yicha namoz vaqtlarining aks etib turishidir.

Alloh taolo ushbu manba orqali islom dini ta'limotining keng yoyilishini, xalqimizning muborak dinimiz ta'limotiga bo‘lgan ehtiyojlarini hosil qilishda munosib murabbiy bo‘lishini nasib qilsin va uni bardavom qilsin. Hamda o‘zining ilmiy, ma'rifiy maqola, video va ovozli materiallari bilan yaxshilikka da'vat va targ‘ibot etishda ishtirok etuvchilarga Alloh ulkan ajru mukofotlar ato etsin!

Xalqimizga dinmiy ma'rifat ulashuvchi manba muborak bo‘lsin!

 

Zafar MAHMUDOV - Samarqand shahar bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/01/2021 11:43;   Ko‘rilganligi: 81
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/press/news/yangi-diniy-marifiy-sayt-xalqimizga-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 30/11/2021 04:27