Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Xabarlar

Samarqand viloyat vakilligida qorilar bilan tadbir o‘tkazildi

 
 

Ramazon fayzu futuhga boy oydir. Uning fazilatlaridan biri - bu uning Qur'on oyi ekanligi. Chunki, Islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi Qur'oni karim shu oyda nozil bo‘lgandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur'onni Jabroil alayhissalom nazoratlaridan to‘liq o‘tkazib olar edilar. Salafi solihlarimiz ham bu muborak oyda Qur'oni karim uchun alohida e'tibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib yoki kamaytirib, Qur'on mutolaasiga iqbol etganlar. Buning sababi, Qur'on misoli yo‘q tengsiz ilohiy kitobdir.

Unda shu ummatning ikki dunyosini go‘zal qilishga xizmat qiluvchi ta'lim bor. Qur'on misoli nurdir. Qur'onni o‘qish, tinglash, yaxshi ko‘rish bularning hammasi ibodat hisoblanib ortidan bitmas-tuganmas savoblar keltiradi.

عنْ أَيُّوبَ بْنِ مُوْسَى قَالَ : سَمِعْتُ مُحَمَّدَ بْنَ كَعْبٍ الْقُرَظِيَّ قَالَ : سَمِعْتُ عَبْدَ اللهِ بْنَ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ قَرَأَ حَرْفًا مِنْ كِتَابِ اللهِ فَلَهُ بِهِ حَسَنَةٌ وَالْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا؛لَا أَقُولُ: الم حَرْفٌ وَلَكِنْ أَلِفٌ حَرْفٌ وَلَامٌ حَرْفٌ وَمِيمٌ حَرْفٌ. رَوَاهُ التِّرْمَذِيُّ

Ayyub ibn Musodan rivoyat qilindi: «Muhammad ibn Ka'b Quraziydan eshitdim, u shunday dedi: «Men Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhuning: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana bor. Hasana esa o‘n baravardir. Men «alif, lam, mim» bitta harf demayman. Balki, «alif» bir harf, «lam» bir harf, «mim» bir harf!» dedilar», deyayotganini eshitganman»Termiziy rivoyat qilgan.

 

So‘ngi yillarda yurtimizda Qur'oni karim ta'limotiga katta e'tibor qaratilmoqda. Buning natijasi o‘laroq Qur'onii karimni tajvid asosida tilovat qila oladigan, Qur'oni karimni to‘liq yod olganlar soni ortib bormoqda. Murattab qorilar esa Qur'on oyi bo‘lmish Ramazonda masjidlarimizni to‘ldirib turgan mo‘min-musulmonlar uchun Xatmi qur'onlar o‘qib berish orqali qalblarni iymon nuri bilan sayqallanishiga xizmat qilmoqdalar.

2014 yil Samarqand viloyati bo‘yicha hammasi bo‘lib, 35 ta masjidda Quron xatmi o‘qilgan edi. Alhamdulilllah, bu yil 183 ta masjidlarda Qur'on xatmi o‘qiladi. Buning uchun 183 nafar murattab qorilar jalb etilgan. Ularning 72 nafari mahalliy qorilarimiz ekanligini alohida ta'kidlash joiz. 144 nafar qorilar esa yurtimizning turli go‘shalaridan O‘zbekiston musulmonlari idoarsining yordami bilan Samarqandga taklif etildi. Bugun, 26 aprel Samarqand viloyatidagi 35 ta masjidda Qur'on xatmi yakunlanadi. Shundan so‘ng qorilar boshqa masjidlarda, ayrimlari esa boshqa viloyatlarda ikkinchi xatmni boshlaydilar. Shu munosabat bilan boshqa viloyatlardan kelgan qorilar viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovning tashabbusi bilan viloyat vakilligiga taklif qilindi. Shahar va tuman bosh imom-xatiblari, masjid imomlari, ustozlar ishtirok etgan tadbirda Zayniddan domla so‘z olib, boshqa viloyatlardan kelib, Samarqand ahliga Qur'oni karimni xatm qilib berayotgan qorilarga barcha viloyat mo‘min-musulmonlari nomidan minnatdorlik izhor qildi. Shundan so‘ng saxiy insonlarning molu davlatlaridan ajratgan zakotlari, homiylarning hadyalaridan iborat sovg‘alar qorilarga ulashildi. Albatta, qorilar zakot va ehsonlarga eng sazovar kishilar ekanligiga shubha yo‘q. Zero, ular o‘zga vohadan kelgan musofirlardir, Alloh yo‘lida yurgan kishilardir va mollari nisobga yetmagan haqdorlardir. Qolaversa, xalqimizning tarixiy va ma'naviy qadriyati, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini ilgari suruvchi “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatidan ko‘zlangan maqsad, ramazon oylarida xayr-saxovat ko‘rsatishdan iboratdir. Tadbir davomida Qur'oni karim qorilariga ko‘rsatilgan bu xayriyalar arzimas ekanligi, aslida chin mukofotni Alloh taoloning O‘zi o‘z uzurida hozirlagani aytilib, Allohning roziligi uchun zakotlarini ajratgan, xayru ehson qilgan, masjidlarda Xatmi Qur'on o‘qib berayotgan qorilar, imom domlalar haqlariga duoi xayrlar qilindi. Xatmi Qur'onlar davom etadi.

Alloh ataolo barchalarimizga bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini xayrli va barakotli qilsin! Uni taqvo ne'matiga erishishimiz uchun vasila qilsin! Omin!     

"Savad-ul-azam.uz" matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 26/04/2021 18:14;   Ko‘rilganligi: 91
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/press/news/samarqand-viloyat-vakilligida-qorilar-bilan-tadbir-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 20:06