Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Xabarlar

ISLOM OLAMI OG‘IR JUDOLIKKA UCHRADI

 
 

Shayx Muhammad Ali Sobuniy vafot etdilar. Shayx Muhammad Ali ibn Jamil Sobuniy hazratlari 1930 melodiy sana Suriyaning ilm va ulamolari bilan mashhur bo‘lmish shahri Halabda, dindor, olim oilasida dunyoga keldilar. Otalari ham Halab shahrining buyuk olimlaridan edilar.

Shayx hazratlari arabiy ilmlar, faroiz va diniy ilmlarni otalaridan ta'lim oldilar. Qur'oni karimni esa maktabda yod olishni boshlab, sanaviy bosqichda to‘la yod olib bitirdilar.

Shayx janoblarini aqllarini tanishlari bilanoq Suriyaning katta olimlaridan saboq olib, ilmga muhabbat ruhida ulg‘aydilar.

Eng ko‘zga ko‘ringan ustozlaridan:

1) Fazilatli shayx Muhammad Najib Siroj

2) Fazilatli shayx Ahmad ash-Shammo'

3) Fazilatli shayx Muhammad Said Idlabiy

4) Fazilatli shayx Rog‘ib at-Tabbox

5) Fazilatli shayx Muhammad Najib Xiyota (Qorilar shayxi)

Bulardan tashqari ba'zi ustozlarning masjidi va uyiga ham qatnab, dars olganlar.

Shayx Muhammad Ali Sobuniy hazratlari tartibli darsni hukumat maktablaridan boshladilar. Boshlang‘ich maktabning diplomini qo‘lga kiritgach, «E'dodiyya» bosqichiga, undan keyin tijoratga ixtisoslashgan «Sanaviyya» bosqichiga o‘qishga kirdilar. Mazkur bosqichda bir yil o‘qigach, u yerda sudxo‘rlikka yo‘naltirilgan bank muomalalarini o‘rgatgani uchun u yerni tark etib, shar'iy sanaviyya bosqichiga o‘tdilar. U Halab shahridagi Xusraviyya nomli o‘qish dargohi edi. U yer maorif vazirligiga qarashli bo‘lib, darslar ikki tomonlama o‘rgatilar edi. Ya'ni, shar'iy ilmlar va kavniy (koinotga taalluqli) ilmlar edi. Shar'iy moddalardan tafsir, hadis, fiqh, usul, faroiz va bunga qo‘shimcha ravishda kimyo, fizika, algebra, geometriya, tarix, geografiya va ingliz tillari ham o‘rgatilar edi. 1949 yili mazkur shar'iy sanaviy bosqichini bitirdilar.

Sanaviy bosqichni a'lo bahoga bitirganlaridan keyin Suriya vaqf vazirligi o‘z hisobidan Qohiradagi Azhari sharif universitetiga o‘qishga jo‘natdi.

952 yili oliy baholar bilan shariat fakulteti diplomini qo‘lga kiritdilar.

1954 yili mutaxassislik o‘qishini tamomlab, Azhari sharifning «Xalqaro shar'iy sud mutaxassisligi» diplomini oliy baholar bilan qo‘lga kiritdilar. Bu diplom o‘sha paytlardagi eng oliy diplom hisoblangan. U hozirgi paytdagi doktorlik diplomi bilan barobar turgan.

Misrda o‘qishni tamomlagach, vatanlari Suriyaga qaytib keldilar.

1955 yildan 1962 yilgacha sakkiz yil mobaynida, Halabdagi sanaviy maktabida «Islomiy madaniyat» moddasidan dars berdilar.

Shayx hazratlarini Suriyaning ta'lim vazirligi tomonidan Saudiya Arabistoni mamlakatiga shartnoma asosida Makkai Mukarramadagi universitetning tarbiya, Islomiy fanlar, shariat fakultetiga dars berish uchun yuborildi. Shayx hazratlari yuborilganlarga boshliq bo‘lib bordilar. O‘sha yerda 28 yil dars berdilar. Bu uzoq muddatda qo‘llaridan universitetning hozirgi katta ustozlari ham bitirib chiqishdi.

Bu kishidagi ilmiy bahs va ta'lif etishga bo‘lgan rag‘batni ko‘rgan «Ummul quro» universiteti rahbarlari ba'zi Islomiy qo‘lyozma kitoblarni tadqiq etish vazifasini yukladi. Butun dunyoda yakka bo‘lgan, ikkinchi nusxasi topilmaydigan o‘ta nodir qo‘lyozma, imom Abu Ja'far Nahhos qalamiga mansub «Ma'onil Qur'on» nomli tafsirni mukammal tarzda olti juzda tadqiq qildilar. U kitob Makkai Mukarramadagi «Ummul quro» universiteti nomidan, mazkur universitet qoshidagi «Ilmiy bahs markazi» va «Islomiy merosni tiriltirish» nashriyotida chop etildi.

Mudarrislik vazifasidan keyin shayx hazratlari Butun Islom olami robitasi tashkiloti qoshidagi «Qur'on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar» hay'atida maslahatchi vazifasida ishladilar. Ta'lif va ilmiy bahsni boshlashdan oldin bir necha yil ana shu vazifada qoldilar.


Kiritilgan vaqti: 23/03/2021 10:03;   Ko‘rilganligi: 150
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/press/news/islom-olami-ogir-judolikka-uchradi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:11