Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Mazhabga ergashmaslikning zararlari va uning yomon oqibatlari haqida. 4-qism

 
 

To‘g‘ri, ba'zi ulamolar o‘z zamonlarida shariat va ijtihod ishlarida tuturiqsizlik avj olgani, kim ko‘ringan o‘z fikrini o‘tkazishga harakat qiladigan bo‘lib ketgani uchun hijriy uchinchi asrning oxirida “Ijtihod eshigi yopilgan” degan fatvoni berishgan va shu yo‘l bilan har xil g‘arazgo‘ylarning shariatni o‘yin qilishlariga chek qo‘yishgan.

Ammo bu narsani fiqhiy ijtihod qilish shariatda ma'lum zamonga va shaxslargagina farz bo‘lgan degan tushunchaga aylantirib qo‘ymaslik kerak.

Hozirgi davrda Abu Haniyfa, Shofe'iy, Molik va Ahmad ibn Hanbalga o‘xshash mujtahidlar yo‘qligiga hamma ittifoq qilgan. Mujtahidlik da'vosini qilgan yoki qilayotgan yoxud falonchi mujtahid deb aytayotgan ahli ilm yo‘q. Bunday bo‘lishi qiyin ham. Ammo mazhab ichida va yangi paydo bo‘lgan masalalarni hal qilishda hamda fatvoda ijtihod sodir bo‘lib turibdi.

Ijtihod qilish huquqi o‘ta muhim fiqhiy savol bo‘yicha mustaqil qaror chiqarish ularga xosdir. Aslida islom ummatini ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchi mujtahidlar, ikkinchi muqallidlar.

Inson mujtahid bo‘lishi uchun quyidagi ilmlarni to‘liq egallagan bo‘lishi shart.

Qur'on ilmi, rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari ilmi, salaflarning qavllari, ijmo' va ixtiloflari ilmi, usulul fiqh ilmi, lug‘at ilmini chuqur o‘zlashtirgan bo‘lishi, qiyos ilmi.

Bu shartlarni qisqacha izohlab o‘tamiz.

Birinchi shart – Qur'on ilmi. Qur'oni karim Alloh taoloning bu ummatga nozil qilgan hidoyat kitobi bo‘lib islomning dasturi, asosiy qonuni hisoblanadi. Shuning uchun barcha shar'iy masalalarning yechimida avvalo shu kitobga murojaat qilinadi. Mujtahidlikni da'vo qilayotgan kishi Qur'on oyatlarining har bir so‘zi, jumlasini shar'iy va lug‘aviy ma'nosini juda yaxshi bilishi, ularni ma'no ifoda etishdagi xususiyatlarini yaxshi bilishi lozim. To‘g‘ri hukm chiqarishda bog‘liq bo‘lgan oyatga tegishli hukmlarni bilish va bundan tashqari uning nozil bo‘lish sabalarigacha yoddan bilish, oyatlarning nosix va mansuxlarini bilish lozim.

Ikkinchi shart – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari ilmi. Bu huddi Qur'on oyatlarining har bir so‘zi, jumlasini shar'iy va lug‘aviy ma'nosini juda yaxshi bilish talab qilinganidek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ahkom hadislarini matni va sanadini bilish, ushbu hadislarning roviylarini adolatlimi yoki adolatli emasmi yaxshi bilish, hadislarni nosix va mansuxlarini bilish lozimligi talab qilinadi.

Uchinchi shart – Salaflarning qavllari, ijmo' va ixtiloflari ilmi. Mujtahidlikni da'vo qilayotgan kishi o‘zidan avval o‘tgan salaf ulamolarining ijmo' qilgan masalalarini chuqur o‘rgangan bo‘lishi zarur. Toki ularning ijmo'siga qarshi hukm chaqarib qo‘ymasin. Chunki, ijmo' bilan keltirirlgan xujjat qat'iy hisoblanadi.

To‘rtinchi shart – Usulul fiqh ilmi. Mujtahid dalillardan hukm chiqarib olish qoida va masalalarni juda yaxshi bilishi darkor. Shuning uchun ham Imom ar Roziy: “Mujtahid uchun eng muhim ilm usulul fiqh ilmidir” deganlar.

Beshinchi shart – lug‘at ilmi. Mujtahidlikni da'vo qilayotgan kishi arab tilini yetarli darajada yaxshi bilishi kerak. Buning uchun arab tili qoidalarini, shu tilda bitilgan adabiyotlarni, fanga va san'atga oid ilmlarni, uslublarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Bu odam arab tilini o‘z ona tilidek his qiladigan, undan zavqlanadigan darajaga yetgan bo‘lmog‘i lozim.

Oltinchi shart – qiyos ilmi. Mujtahid bo‘ladigan odam qiyosning turlarini va mu'tabar shartlarini yaxshi o‘zlashtirgan, bu borada chuqur bilim sohibi bo‘lishi, qiyos usullaridan foydalanishni o‘zlashtirish va uning barcha shartlari va yo‘nalishlarini bilish lozim. Qiyos ilmi deb, Qur'on va Sunnatda ochiq oydin zikr qilinmagan hukmlarni qiyoslash orqali chiqarib olish ilmiga aytiladi.


Kiritilgan vaqti: 03/04/2021 12:14;   Ko‘rilganligi: 78
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/mazhabga-ergashmaslikning-zararlari-va-uning-yomon-oqibatlari-haqida-4-qism
Chop etilgan vaqti: 28/11/2021 04:56