Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Mazhabga ergashmaslikning zararlari va uning yomon oqibatlari haqida. 3- qism

 
 

Sahoba va tobe'iylarning davrida mujtahid bo‘lmagan kishilar o‘zlari bilmagan masalalarni mujtahid bo‘lgan sahoba va tobe'iylardan so‘rashar edilar. Mazkur mujtahid sahoba va tobe'iylar so‘rovchilarga hech qanday inkor qilmay javob berar edilar. Agar hammaga ijtihod qilish lozim bo‘lganda, so‘rovchilar savol bermas va so‘ralganlar ularga “O‘zingiz ijtihod qilinglar”, deb aytar edilar. Chunki sahobalarning ichida mujtahid muftiy bo‘lganlari bor edi. Ular boshqa sahobalarga nisbatan kamroq edi. Sahobalar ichida fatvo so‘raydigan, taqlid qiladiganlari ham ko‘pchilikni tashkil qilardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom dinini bilmaydigan joylarga faqih sahobalarini yuborar edi. Misol uchun Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborgan edilar. Ushbu holat ijtihodga ilmi va qurbi yetmagan shaxs mujtahidga taqlid qilishi kerakligiga yaqqol dalildir.

So‘nggi asrdagi ko‘zga ko‘ringan fiqhiy o‘zgarishlardan eng e'tiborlisi Islom Fiqhi Akademiyalari bo‘ldi. Avvallari fiqh shaxsiy urinish, o‘quv yurtlari, mahalliy fiqhiy muassasalar saviyasida bo‘lar edi. Har taraf o‘z imkoniga va o‘zidagi ilmga qarab harakat qilar edi. Zamon o‘zgarishi, hayot kechirishning murakkablashishi, fan va texnikaning taraqqiyoti kabi omillar o‘ziga yarasha munosabatni taqozo qila boshladi. Endi dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarni yakka shaxslar yoki mahalliy muassasalar orqali qamrab olish qiyinlashdi. Xususan, bu o‘zgarishlarga shariat bo‘yicha munosabat bildirish, ular haqida to‘laqonli fatvolar chiqarish murakkablashdi. Bu va bunga o‘xshash boshqa omillar faqihlarning birgalashib ish olib borishlarini talab qilardi.

Yuzaga kelgan vaziyatga javob o‘laroq Islom Fiqhi Akademiyalari tuzila boshladi. Bu ilmiy muassasalarga ko‘zga ko‘ringan faqihlar a'zo bo‘ldilar. Hal qilinishi lozim bo‘lgan masala bo‘yicha Akademiya idorasi a'zolarga avvaldan xabar beradi. A'zolar belgilangan muddatgacha o‘sha masalani yaxshilab o‘rganadilar. O‘zlaridan iltimos qilingan mavzularda ilmiy ishlar yozadilar. Keyin Akademiyaning umumiy majlisida mazkur masala muhokama qilinadi. Akademiyaning majlisiga ko‘rilayotgan masala bo‘yicha mutaxassis olimlar ham taklif qilinadi. Ular o‘z mutaxassisliklari asosida ma'lumotlar taqdim qiladilar va Akademiya a'zolarining savollariga javob beradilar. Uzoq va aniqlik bilan davom etgan majlislardan so‘ng tahlil qilingan masala bo‘yicha Akademiyaning bu boradagi qarori loyihasi muhokamaga va ovozga qo‘yiladi. Ko‘pchilik ovoz ila qaror qabul qilinadi. Ba'zi Akademiyalar qarshi ovoz berganlarning fikrini ham e'lon qiladi. Shu tariyqa, zamonamizda o‘rtaga chiqqan ko‘plab muammolar shariat ta'limotlari asosida hal qilinishi yo‘lga qo‘yildi va musulmonlarning tahsiniga sazovor bo‘ldi. Hozirda xalqaro islomiy tashkilotlar, davlatlar, vazirliklar, shirkatlar, turli muassasalar va shaxslar o‘zlari hal qila olmagan fiqhiy masalalarni yechishda Islom Fiqhi Akademiyalariga murojaat qilishmoqda va kerakli yechimlarni olishmoqda. Ba'zi bir ulamolar keyingi paytlarda yakka shaxslar ijtihod darajasiga yetishi imkonsiz bo‘lsa ham, jamoaviy ijtihod imkoni borligini xuddi shu Islom Fiqhi Akademiyalari faoliyatidan olib aytmoqdalar.

Ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘la olmaydi. Chunki, bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga yetarli darajada aqliy quvvat lozim bo‘ladi. Bu malakani Alloh taolo hammaga ham bergan emas. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Lekin bir ikki masalalarda ixtilof qilib, “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, deydilar. Agar qudrati yetmaydigan kishini ijtihod qilishga amr etilsa, uni qudrati yetmagan ishga taklif qilingan bo‘ladi. Shariatda esa, bunday qilish joiz emas. Zotan, Alloh taolo “Baqara” surasida aytadi:

لاَ يُكَلِّفُ اللّهُ نَفْسًا إِلاَّ وُسْعَهَا

“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas” ( Baqara surasi, 286–oyat).

Mujtahid bo‘lish uchun kerakli ilmlarni talab qilish uzoq vaqt davom etadi. Agar barcha odamlar bu ish bilan mashg‘ul bo‘lsalar, yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa ishlarni kim qiladi? Hammaning ittifoqiga sazovor bo‘lgan katta majtahidlardan keyin ijtihod eshigi yopilgan va ijtihod qilish mumkin emas, degan gapga javob quyidagicha.


Kiritilgan vaqti: 03/04/2021 11:00;   Ko‘rilganligi: 84
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/mazhabga-ergashmaslikning-zararlari-va-uning-yomon-oqibatlari-haqida-3-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:32