Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Mazhabga ergashmaslikning zararlari va uning yomon oqibatlari haqida

 
 

XX asr so‘ngida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, Islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror shar'iy masalada ulardan birining yo‘lini o‘ziga lozim tutsa, u ko‘r–ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.

Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur'on) va sunna turishi lozimligini ta'kidlashadi. Ularning fikricha fiqhiy mazhablarga ergashish Kitob va Sunna ta'limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yo‘l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni to‘liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lganligi e'tiboridan, bid'at ishlardan sanalib, sunna ta'limotiga ko‘ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir.

Aslida sahobai kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasulullohning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror–bir masalada Qur'on va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qo‘l urganlar. Bu esa, asosiy e'tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat. Shuning uchun ham mazhab tutish yoki biror–bir mujtahid imomga taqlid qilish Allohni qo‘yib ularni Rabbi qilib olish, deya baholanmagan.

O‘zlarini islom dinining fidoyilari deb e'lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur'on va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga rahna tug‘dirayotganligi jar solinmoqda.

Aslida, mazhabsizlik da'vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekanligiga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini mazhabsiz deb da'vo qiladilaru, aslida o‘zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o‘sha to‘rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi.

Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq bo‘lmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari o‘z da'volarini asoslashda ixtilof va taqlid iboralariga alohida urg‘u beradilar.

Ma'lumki, islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yo‘nalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa e'tiqod qilishda turlitumanlilik shaklda yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga bo‘linib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgan. Buning oqibatida xorijiy, mo‘taziliy, qadariy, jabariy va murji'iy kabi ko‘plab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.

Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega bo‘lib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvning natijasi o‘laroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga yetish uchun turli tomonlardan borish imkoni bo‘lsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yo‘lni tanlaydi. Musulmon shaxsi tomonidan biror bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib eng qulay va ma'qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolarining ittifoqiga ko‘ra, dinning asliga taalluqli bo‘lgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi o‘laroq, fiqhiy masalalarda esa, biror-bir mazhabga ergashish, ya'ni taqlid qilish lozim bo‘ladi.


Kiritilgan vaqti: 31/03/2021 14:55;   Ko‘rilganligi: 107
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/mazhabga-ergashmaslikning-zararlari-va-uning-yomon-oqibatlari-haqida
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:06