Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Besunnatlar («qur'oniy»lar) fitnasidan ogoh bo‘ling! (2- qism)

 
 

Besunnatlar toifasining asoschilari mu'taziliylar, qadariylar va g‘arb-yunon falsafasidan nihoyatda qattiq ta'sirlangan kishilar bo‘lganlar. Inson o‘z aqliga ortiq darajada erk berib yuborsa, gohida adashib, zalolatga ketib qolishi bor narsa. Chunki, bunday katta olamda, sonsiz sanoqsiz maxluqotu mavjudotlar va hodisotlar mavjlari bir-biriga urishgan tubsiz dengizda Vahiy nuridan foydalanmagan kishi hayratga yuz tutib, to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketishi hech gap emas.

Hamma narsaga avval shubha bilan yondashib, aqli shubhalarni yengib, qoniqish hosil qilsagina ishonish kerak degan fikr o‘ta xatarli fikrdir. Inson o‘z aqlini Haqiqat ustidan hukmron qilishi aslida aqlsizlikdir. Negaki, Haqiqat bitta, aql va onglar esa son-sanoqsizdir. Kimningdir aqli tasdiqlagan narsani boshqaning aqli ko‘tarmasligi mumkin. Besunnatlar toifasining boshchilari ham shubha va gumonlarga berilishi oqibatida ko‘p zalolatlarga tamal toshi qo‘yib ketganlar.
Ha, bu toifaning boshida aslida shayton turgan. Shayton mo‘min qalbiga doim shubha va gumonlar soladi. Mazkur shaytoniy toifa chindan ham shaytonga mansubligini quyida keltiriladigan so‘zlardan bilib olish ham mumkin. Abdulloh Jakarulviy Pokistonda hadis fanidan saboq beruvchi kishilardan bo‘lgan. Ammo, ko‘plab hadislar borasida qalbiga shubha oralagach, barcha hadislarni inkor qilish kerak, degan fikrga kelgan.
G‘ulom Ahmad Parvez ham shu so‘zlardan ta'sirlanib yurardi, keyinchalik u ham shubha va gumonlar g‘olib kelgach, besunnatlar toifasiga o‘tib oldi. Bu haqda uning o‘zi shunday hikoya qiladi: «bir kuni tafsir kitoblarini o‘qib o‘tirgandim Alloh taoloning: «ey mo‘minlar, sizlar (o‘z Payg‘ambaringiz Muhammadga nisbatan Bani Isroil qavmidan bo‘lgan) Musoga ozor bergan kimsalar kabi bo‘lmangizlar! Bas, Alloh uni ular aytgan ayblardan pokladi. U Alloh nazdida obro‘li kishi edi«—degan so‘zini o‘qib qoldim. (Ahzob surasi, 69-oyat).

Lekin, ushbu oyat tafsirida Abu Hurayradan Buxoriy va Temiziylar rivoyat qilmish Bani Isroilning Musoni peslikda ayblashlari, toshning uning liboslari bilan qochishi va Musoning o‘z hassasi bilan toshni urishi haqidagi hadislarni o‘qigach, qalbim titrab ketdi, turli o‘y-fikrlar o‘z og‘ushiga oldi va qalbimga shubha ketidan shubhalar oqib kela boshladi». Undan so‘ng, G‘ulom Ahmad o‘z botil fikrlarini o‘zi ta'sis etgan «tulu' al-islom» (Islomning porlashi) nomli jurnal orqali Hindistonda yoya boshladi (qarang: Doktor Mahmud Muhammad Mazru'a. «Nabaviy sunnat borasida «Qur'oniy»lar qo‘zg‘agan shubhalar».).
Besunnatlar Qur'oni karimdan boshqasini e'tirof etmasliklari haqidagi o‘z da'volariga qarshi ish qiladilar. Zero, ko‘plab oyatlarda Alloh taologa va Payg‘ambarga itoat qilish buyuriladi. «Allohga itoat qilingiz, Rasulga itoat qilingiz hamda o‘zingizdan bo‘lgan boshliqlaringizga bo‘ysuningiz!» (Niso surasi: 59-oyat).
Ushbu oyati karimada ham Allohga itoat va Payg‘ambarga itoat ajratib aytilmoqda. Agar nabaviy hadislarning hech qanday ahamiyati bo‘lmasa, alohida qilib, «Rasulga itoat qilingiz!» demagan bo‘lardi Alloh. Agar, hadis shariflarning ahamiyati bo‘lmasa, Payg‘ambar yuborishning ham ma'nosi qolmasdi. Alloh biror payg‘ambarsiz ham O‘z kalomini insonlarga o‘zi xohlagan yo‘sinda yetkazib qo‘yishga qodir edi. Lekin, shunday qilmadi. Balki, payg‘ambar yuborib, «kimki, Payg‘ambarga itoat qilsa, demakki, Allohga itoat qilibdi» (Niso surasi: 80-oyat), dedi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «ogoh bo‘ling, Menga Qur'on berildi va U bilan birga uning mislidek ilm berildi» (Abu Dovud rivoyati), deya marhamat qilganlar.
Ulamolarimiz Payg‘ambarimizga ato etilgan «Qur'onning mislicha bo‘lgan narsa»ni tilovat qilinmaydigan botiniy ilm ekanligini aytadilar.
Alloh taolo Hashr surasining 7-oyatida shunday marhamat qiladi (ma'nosi): «Payg‘ambar sizlarga bergan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsalardan qaytinglar!».
Ushbu va shu ma'nodagi ko‘plab oyati karimalar Payg‘ambarning og‘zidan chiquvchi so‘z, o‘git va buyruqlar, uning siyrati va qilgan ishlari shar'iy hujjat ekanligiga dalildir.


Kiritilgan vaqti: 19/04/2021 12:56;   Ko‘rilganligi: 99
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/besunnatlar-quroniylar-fitnasidan-ogoh-boling-2-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:31