Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оқимлар

Besunnatlar («qur'oniy»lar) fitnasidan ogoh bo‘ling!

 
 

So‘ngi vaqtlarda ayniqsa, internet tarmoqlarida nabaviy hadislarni yuzsizlarcha inkor qiladigan, ularni masxaralaydigan ayni chog‘da esa go‘yoki diniy ruhda maqolalar post qilib, ilmsiz kishilarning boshini aylantirib, o‘zlarining zalolat botqoqlariga tortayotgan jirkanch toifa vakillari afsuski, o‘zbeklar ichida ham paydo bo‘la boshladi.
Ularning asl basharasini bilmaydiganlar post qilayotgan maqolalaridan ta'sirlanmoqdalar yoki hayratga tushmoqdalar.

Besunnatlar («Qur'oniy»lar) 19 — asrda paydo bo‘lgan zalolatdagi toifa hisoblanadi. Ularning zaqqum ildizi Britaniya mustamlaka qilgan davrdagi Hindistonga borib taqaladi. Angliya Hindistonni mustamlaka qilgan davrda u yerning musulmon aholisini ma'nan va ruhan zaiflashtirish uchun turli tuman buzg‘unchiliklar amalga oshirgan, har-xil adib, faylasuf va boshqa xil toifalarga diniy libos kiydirib, ular orqali yangi-yangi «islomiy» firqalarni vujudga keltirgan, shuningdek, missionerlardan iborat otlig‘u piyoda zalolat qo‘shinini bu diyorga yo‘naltirgan.
Qavliy hadislarni tag-tugi bilan inkor etuvchi bu toifa Aslam Jayrajpuri, G‘ulom Ahmad Parvez, Abdulloh Jakarulviy singari Britaniya Hindistoni tarbiyalagan uch-to‘rtta zalolat boshchilari tomonidan yaratilgan.
Bular ilk boshda o‘zlariga «ahlu-l-Qur'on» degan balandparvoz nom qo‘yganlar. Ular faqat Qur'onnigina shariat manbai deb hisoblaydilar va uni o‘z nafslarining xohish-istaklariga monand ravishda tafsir va ta'vil qiladilar.
«Faqat Qur'ongagina ishonamiz, zero, Alloh taolo faqat Qur'onnigina saqlashga va'da qilgan!», degan o‘ta makkorona da'volarini ilgari surib, qancha-qancha ilmsiz kishilarni adashtirdilar.
Ularning ko‘rinishdan asaldek sof bo‘lib tuyuluvchi, botinda esa zahar tashuvchi bu so‘zlari Ali raziyallohu anhuning ta'biri bilan aytganda «botil iroda qilingan haq so‘z» deyishga ham arzimaydi aslida. Chunki, Ali raziyallohu anhu bu mashhur so‘zlarini «Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilaylik!», degan adashgan xavorijlarga qarata aytgan edilar. Vaholanki, Xavorijlar ham besunnatlar singari Sunnatni jumlatan va tafsiylan inkor qilmas edilar.
Besunnatlarning zalolati va safohati ozgina aqlu tafakkuri bor kimsaga maxfiy qolmaydi. Ular, faqat Qur'onni tan olamiz der ekanlar, o‘zlari bilib yo bilmagan holda Islomdan boshqa bir dinni olib keldilar. Chunki, Islom dinining asosiy masdar va manbalarining avvalida Qur'oni karim va Sunnati mutohhara turadi. Undan keyin sahoba va tobeinlar ijmo'si, qiyos, istehson va urf kabi narsalar keladi.
Dini Islom bizga faqat Qur'onning o‘zi bilan emas, balki, mazkur manbalarning barchasi orqali asrlar davomida yetib kelmoqda. Mazkur manbalarga tayanib, asrlar davomida Islom ulamolari dinimizning barcha zamonu barcha makonga to‘laqonli javob bera olishini amaliy ravishda isbotlab kelmoqdalar.
Qur'oni karim ta'bir joiz bo‘lsa bir ilohiy urug‘ki, undan Hadis va uning bilimlari, Qur'on va uning ilmlari, tafsir, fiqh va uning asoslari, tasavvuf, ruhiy tarbiya, odobu axloq, qo‘yingki, barcha-barcha Islom olami erishgan ilmiy ma'naviy boyliklar va ilmiy meroslar unib chiqqan.
Ularning barchasi bir butun bo‘lib, Vahiydan kelib chiqqan.
Shuning uchun ham Qur'ondan boshqasini inkor qiluvchi kimsa, Islomni inkor qiluvchi hisoblanadi. Unday inson Qur'onni ham to‘g‘ri tushuna olmaydi. Chunki, ko‘plab oyati karimalarning tafsiri hadisi shariflarda bayon qilingan, sahobayu tobeinlar so‘zlarida o‘z ifodasini topgan va mufassir ulamolar tomonidan kitoblarda naql qilingan. Ularning hammasini inkor qilgan odam Qur'oni karimni qanday tushunsin, shunday ulug‘ kalomni nimaning yog‘dusida anglasin?! Bunga javob bitta: unday inson Qur'onni o‘z shaytonining «vahyi» bilan tushunadi, uning shivir-shiviri bilan anglaydi. Bu gaplar shunchaki, ehtirosga berilib aytilayotgan gaplar emas. Aslida ham shunday. Qur'ondan boshqa barcha islomiy manbalarni inkor etuvchi, barcha tafsirlarga tupuruvchi, hadislarni rad qiluvchi toifa qanday qilib Qur'onni tafsir qiladi? Albatta, havoyu nafsi bilan va shaytoniy aqli bilan tafsir qiladi.

Manba: AHLI SUNNA


Kiritilgan vaqti: 17/04/2021 11:22;   Ko‘rilganligi: 141
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/movements/besunnatlar-quroniylar-fitnasidan-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:27