Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Hadislar

Alloh taolo Ro‘za haqida nima degan?

 
 

Alloh taolo hadisi qudsiyda: «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman. Ro‘zadorning og‘zidagi hid Alloh huzurida mushku anbar hididan ham xushbo‘yroqdir», degan». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan)

Sharh: Ushbu hadisi qudsiyda ro‘zaning fazilati va uning boshqa amallardan ajralib turuvchi xususiyati borligi haqida so‘z yuritilmoqda.
Alloh taolo ro‘zani bandasining amallari ichidan O‘zi uchun xos qilib olganini aytmoqda.
Ulamolar ushbu hadisi sharif ustida fikr yuritib, quyidagi so‘zlarni aytishadi:
Qiyomat kuni mazlumlar zolimdan qasos olib, qilgan zulmi evaziga yaxshi amallarni tortib olishlari mumkin. Chunki boshqa bir hadisda:
«Kishi qiyomat kuni tog‘lar kabi yaxshiliklar bilan keladi. Lekin uni so‘kkan, buni urgan yoki yana birining molini yeganligi sababli uning yaxshiligidan mazlumga olib beriladi. Hatto zolimning yaxshiligi tugab, hech narsa qolmagach, endi mazlumning gunohidan zolimga yuklanadi va zolim (gunohi ko‘payib ketgach,) do‘zaxga tashlanadi», deyilgan. Faqat ro‘za unday emas.
Ro‘zani qiyomat kuni haqdorlarga ulashib berilmaydi. Alloh ro‘zani uning egasi uchun shu darajada saqlab qo‘yar ekanki, unga hatto haqdorlar ham jur'at qila olmas ekan.
Shunga binoan «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman», degan».
Ya'ni Odam bolasining amallari qasos sababli talafot ko‘rib, haqdorlar tortib olishi sababli kamayishi mumkin ekan. Faqat ro‘zaga daxl qila olmas ekan.
Yana ba'zi ulamolar ushbu hadisning sharhida quyidagilarni aytishgan: «Boshqa amallardan farqli o‘laroq, ro‘zaga shirk aralashib qolmaydi. Chunki mushriklar ma'budalariga qurbonlik va nazr atashar, unga duo, xavf va rajo qilishar va yana bundan boshqa ibodatlar bilan ularga yaqinlashishar edi. Lekin birortalari but-sanamlari uchun ro‘za tutishgani zikr qilinmagan. Albatta, ro‘za Alloh uchun xos bo‘lgan ibodatdir. Shundan kelib chiqib, U Zot: «Ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman», degan.
Ya'ni mushriklar but-sanamlari uchun ro‘za tutib, ularga qurbat hosil qilishmagan. Faqat mo‘minlargina Alloh uchun ro‘za tutib, U Zotga qurbat hosil qilishgan».
Ba'zi ulamolar: «Ro‘za botiniy amal bo‘lib, uni faqat Alloh biladi. Boshqa amallarga xilof o‘laroq, u qalbdagi niyat bilan ado etiladi. Demak, u banda bilan Robbi orasidagi sirli amaldir», deyishgan.
Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa-xohlamasa, bir oz riyo, obro‘-e'tibor, o‘zgalarning havasi, maqtovi paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odamning tahorat qilganini, namozga joy tanlaganini va namoz o‘qiyotganini boshqalar ko‘radi. «Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan», degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e'tibor bilan qaraydi.
Shuningdek, zakot beruvchi har qancha yashirsa ham, hech bo‘lmaganda zakotni olgan kishi biladi, haqqiga duo qiladi.
Haj ibodatiga borgani esa hatto katta shov-shuvga aylanib ketadi. Qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «Hoji aka» yoki «Hoji ona», deb chaqiriladigan bo‘ladi.
Ro‘zada esa bu narsalarning birortasi yo‘q – ro‘za tutmoqchi bo‘lgan odam kechasi, hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Iftor vaqti kirmaguncha hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolsa ham Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ana shularning barchasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.
Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O‘zi bilib berishni va'da qilmoqda. Bu haqiqatni yana ham to‘liq tushunib olishimizga boshqa bir rivoyatdan keltirilgan qo‘shimcha yordam beradi.
«Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (odam bolasi) shahvati va taomini men uchun tark qilur», dedi».
Demak, ro‘zadan boshqa amallarning savobi qay miqdorda ko‘paytirib berilishi aniq aytilgan. Bir amal uchun savob o‘n martadan to yetti yuz martagacha ko‘paytirilishi mumkin. Ammo undan ortiq bo‘lmasligi ham mumkin.


Kiritilgan vaqti: 16/04/2021 10:51;   Ko‘rilganligi: 123
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/hadiths/alloh-taolo-roza-haqida-nima-degan
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:00