Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

SHAYTON VASVASASI
 
 

SHAYTON VASVASASI

SAVOL: – Inson qalbini shayton vasvasa qilib turli ishlarga, harom o‘ylash yoki so‘zlashga undasa, bunday vaziyatlardan qanday chiqib ketish mumkin?

JAVOB: – Bismillahir rohmanir rohiym.
Avvalo bunday vaziyatlarga tushmaslikka harakat qilish lozim. Buning uchun iymon-e'tiqodda mustahkam va ibodatda sobitqadam bo‘lish kerak. Mana shunday holatda inson shaytondan va uning vasvasasidan uzoqda bo‘ladi. Ba'zi bir holatlarda bu kabi xayollar kelib qolsa, darhol: «A'uzu billahi minash shaytonir rojiym»ni ko‘p-ko‘p aytish kerak. «Astag‘firulloh» deb aytib, tahorat olib ikki rakat namoz o‘qib qo‘yish kerak. Mana shu narsalar amaliy ravishda shayton vasvasasidan uzoqlashishga olib boradigan ishlar.

Eng muhimi, Alloh taolo har bir narsadan xabardor Zot ekanligi, qalblardagi bo‘lib turgan narsalarni ham bilib turuvchi Zot ekanligini esda tutish kerak.
Ibodatga ixlos qilib, berilib borayotgan paytda ham ko‘pchilikda vasvasa holati paydo bo‘ladi. Bunda turli bo‘lmag‘ur fikrlar xayolga keladi. Hatto iymon va e'tiqodning foydasi bormi o‘zi, degan fikrlargacha borishi mumkin. Ana shu paytda inson nihoyatda og‘ir holatga tushib qoladi. Chunki avval o‘zi e'tiqod qilib, ishonib, qo‘ldan kelganicha ibodat qildi. Endi xayoliga butunlay teskari, inson o‘ylaganda larzaga tushib ketadigan o‘ylar keladi. Buni qanday tushunish kerak deyilsa, hadisda aytilganiday «Bu – iymon haqiqatining boshlanishi».

Buni tasavvuf ulamolari sharhlab aytishadiki, shayton insonga bo‘lgan munosabatda ularni uchga bo‘ladi.
Birinchisi – shaytonning yo‘liga yurgan, unga og‘ayni bo‘lib qolgan kishilar. Ularni vasvasa qilishning hojati ham yo‘q. Chunki ular shaytonning izmidagi shaxslar.
Ikkinchisi – iymonda, ibodatda, taqvo bobida ma'lum bir darajaga yetgan, qalblari poklangan, shayton vasvasasi ularga mutlaqo ta'sir etmaydigan darajadagi kishilar. Shayton ulardan umidini uzgan.
Uchinchisi esa – qalbi poklanib borayotgan kishilardir. Shayton ularga vasvasa soladi. Chunki shayton bularning qalbi poklar guruhiga qo‘shilib qolishini xohlamaydi. Shunday holatga tushib qolgan kishilar yaxshi bilishlari kerakki, bu iymon-e'tiqod alomatidir. Shayton o‘zining izmidan chiqib, to‘g‘ri yo‘lga butunlay kirib qolishingizdan xavflangani uchun tipirchilab qolgan paytidir. Shu paytda yana ham ibodatni kuchaytirib, iymonni mustahkamlab biroz davom ettirilsa, shayton vasvasasi inshaalloh mutlaqo yo‘q bo‘ladi. Vallohu a'lam.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh


Oxirgi o‘zgarish: 06/02/2021 14:32;   Ko‘rilganligi: 182
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/fatwah/shayton-vasvasasi
Chop etilgan vaqti: 30/11/2021 04:56