Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

FITR SADAQASI QANDAY ADO QILINADI?
 
 

SAVOL: Fitr sadaqasi qanday ado qilinadi?

JAVOB:
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Fitr sadaqasi – faqirlarga g‘amxo‘rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o‘tkazishlari uchun ko‘makdir. Uni berganlar uchun esa – Ramazonda yo‘l qo‘yilgan ba'zi kamchiliklarga kafforatdir. Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini ro‘zadorga behuda ishlar va yomon so‘zlardan poklanish bo‘lishi hamda miskinlar uchun yegulik bo‘lishi uchun buyurdilar” (Abu Dovud rivoyatlari).

Fitr sadaqasi nisob miqdoridagi mol-mulkka ega hur va musulmon bo‘lgan kishilar hayit tongida ado etishlari vojibdir. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o‘zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog‘atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.

Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.

Ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”.

Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo‘ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo‘lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasi: bug‘doy, bug‘doy uni yoki yormasidan yo mayizdan yoki xurmo yo arpadan beriladi. Bug‘doy yo uning uni yoki yormasidan va mayizdan yarim so' (taxminan 2 kg.), arpa va xurmodan bir so' (4kg)dir. Mazkur narsalarning birortasining qiymatini ham bersa bo‘ladi.

Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.

(“Hidoya”, “Al-Muxtor”, “Muxtasarul viqoya”, “Fathu bobil inoya”, “Al-muxtasar fil fiqhil hanafiy”).
Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati.


Kiritilgan vaqti: 12/04/2021 10:43;   Ko‘rilganligi: 75
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/fatwah/fitr-sadaqasi-qanday-ado-qilinadi
Chop etilgan vaqti: 30/11/2021 05:21