Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Shafoatni Alloh xoxlaganiga beradi.

 
 

وَكَم مِّن مَّلَكٍ فِي السَّمَاوَاتِ لَا تُغْنِي شَفَاعَتُهُمْ شَيْئًا إِلَّا مِن بَعْدِ أَن يَأْذَنَ اللَّـهُ لِمَن يَشَاءُ وَيَرْضَى

26. Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bor, ularning shafoati ham faqat Alloh O‘zi xohlagan va rozi bo‘lganlarga izn bermagunicha foydasizdir.

Mushrik kimsalar farishtalarni Allohning qizlari sanab, ularning qiyomatdagi shafoatidan bekorga umidvor bo‘lib yurishibdi. Ularning shafoati kofir va mushriklarga emas, faqat Allohning O‘zi xohlagan, O‘zi rozi bo‘lganlarga Allohning izni bilangina bo‘ladi. Dunyo va oxirat Allohniki bo‘lganidek, sha- foat ham Allohnikidir. U kimga izn bersa, o‘shagina shafoat qila oladi. Mushriklar o‘zlarining botil e'tiqodlaridan umid qilmay qo‘yaqolsinlar. Qiyomat kuni hech kimga shafoat foyda bermaydi. Faqat Alloh o‘sha bandaning bu dunyodagi imonidan va solih amallaridan rozi bo‘lib, shafoat qilinishiga O‘zi izn bergan odam uchungina foyda berishi mumkin. Hasan Basriy aytadi: “Muddati ellik ming yilga teng bir Kunda yemay, ichmay, oyoq uzra turish haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? Shunda ular “Allohning huzurida mukarram bo‘lgan bir zot bizlarni shafoatiga olmasmikin?” deb bir-birlaridan so‘raydilar. Keyin ular qaysi payg‘ambarning yoniga borishmasin, o‘sha payg‘ambar: “Meni tinch ko‘yinglar, hozir o‘zim bilan ovoraman, boshqalar bilan ishim yo‘q”, deb javob beradi. Alloh taoloning qattiq azobidan ogoh bo‘lgan har bir payg‘ambar: “Parvardigorimiz na ilgari va na keyin bugungidek g‘azablanmagan” deb shafoat so‘rovchilarga uzrlarini izhor qilishadi. So‘ngra Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom izn berilgan kishilarni shafoat qiladilar”.


Kiritilgan vaqti: 12/02/2021 17:32;   Ko‘rilganligi: 80
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/shafoatni-alloh-xoxlaganiga-beradi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 18:06