Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Odamlar uchun hisob-kitob onlari yaqinlashib qoldi…

 
 

اقْتَرَبَ لِلنَّاسِ حِسَابُهُمْ وَهُمْ فِي غَفْلَةٍ مَّعْرِضُونَ

«Odamlarning hisob-kitob onlari (qiyomat qoyim) yaqinlashib qoldi, ular esa, g‘aflatda qolib, (toat-ibodat va yaxshi amallardan) yuz o‘girib turibdilar». (Anbiyo surasi 1- oyat)

Bu oyati karimada, insonlar oxiratni, unda bo‘ladigan hisob-kitobni unutib qo‘yib, u kunda bo‘ladigan savol-javobni, jazo yoki mukofot tayin bo‘lishini esdan chiqarayozgani uqtiriladi.
Agar, teran nazar bilan qarasak, manzara haqiqatan ham shundaydir. Odamlar (hammasi ham emasdir balki) bir-birini aldagan, bir-birining haqqini yegan, tarozidan urgan, g‘iybat, tuhmat, bo‘xton, firibgarlik, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, zino qilgan, toat-ibodatni, yaxshilik-ezgulikni, xayr-sadaqani deyarli unutgan.
Aslida qanday bo‘lishi kerak? Aslida, har bir odam, har bir inson, avvalo Allohning bandasi ekanligini, bu qisqa umr o‘tkinchi va g‘animat ekanligini, oxirat haq va unga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini esdan chiqarmasligi lozim. Bu ish toat-ibodatni, yaxshilik-ezgulikni ko‘paytirish bilan bo‘ladi. Alloh bergan, berayotgan ne'matlardan ehtiyojmand oilalarga, qavmi-qarindoshga, qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshga xayr-ehson qilib turish ayni muddaodir. Buning uchun, odam albatta boy bo‘lishi, mol-dunyosi ko‘p bo‘lishi shart emas. Topgan-tutgani kam odam kamroq, ko‘p bo‘lsa, ko‘proq bermog‘i mumkindir.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan shunday hadis vorid bo‘lgankim, «Bu dunyo oxirat ekinzoridir». Ya'ni, kim nima eksa, oxiratda shuni o‘radi (natijasini, hosilini ko‘radi).
Shunday ekan, har birimiz ikki dunyomiz baxti-saodatini o‘ylashimiz, so‘rashimiz, ayniqsa oxiratimiz tadorigini ko‘rib qo‘yishimiz, yaxshilik-ezguligimizni, toat-ibodatimizni ko‘paytirishda o‘zaro xayrli musobaqada bo‘lmoqligimiz lozim va lobuddir.


Kiritilgan vaqti: 23/02/2021 21:59;   Ko‘rilganligi: 128
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/odamlar-uchun-hisob-kitob-onlari-yaqinlashib-qoldi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 19:21