Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Qur'on oyatlari

Erkak bilan erkak juft bo‘lishi harom!

 
 

أَئِنَّكُمْ لَتَأْتُونَ ٱلرِّجَالَ شَهْوَةً مِّن دُونِ ٱلنِّسَآءِ ۚ بَلْ أَنتُمْ قَوْمٌ تَجْهَلُونَ

  1. Sizlar ayollarni ko‘yib, erkaklarga shahvat bilan yaqinlik qilasizlarmi?! Ha, sizlar johil qavmdirsiz! (Naml surasi, 55- oyat)

Ushbu surada Lut alayissalomning qissasidan ushbu suraning siyoqiga mos ravishda payg‘ambarning o‘z qavmi bilan faqat ular­ning fahsh ishi haqidagi tortishuvlari zikr etilmoqda, xolos. Alloh paygambar qilib yuborgan Lut alayhissalom qavmga qarab shunday dedi: "Alloh shahvatlaringizni ayollar bilan qondi­rishni joriy qilgan bo‘lsa-da, bunga qoniqmay Alloh belgilab qo‘ygan chegaralardan chiqib ketdinglar-ku! Sizlar ayollar tur­ganida erkaklarga shahvat bilan yaqinlik qilasizlarmi? Axir bu jirkanch ish insonlarga nomunosib bo‘lgan buzuqlik-ku, hatto hayvonlar ham qilmaydigan rasvolik-ku! Bundan ham ortiq johillik, qabohat, ma'naviy ko‘rlik bo‘ladimi?!"

Alloh taolo dunyodagi barcha jonzotni, maxluqot va hayvonlar­ni bir-biriga bog‘liq, bir-biriga munosib, bir-biridan man­faat oladigan qilib yaratgan. Shu jumladan, insonlarda jinsiy aloqa masalasini erkak va ayolga bog‘lab qo‘ygan. Haqiqiy jinsiy aloqa, lazzat, undan keladigan samara - farzand ana o‘sha tabiiy aloqa orqali vujudga keladi. Besoqolbozlik, bachchabozlik esa tamoman buning ziddidir. Shuning uchun ham bu ishga faqat in­soniylik tabiatidan chiqqanlargina mubtalo bo‘ladilar. Ular o‘z qilmishlarining inson tabiatiga zid ekanini yaxshi bila­dilar. Ammo ko‘rib-bilib turib ham yana qilaveradilar. Lut qavmi hozirgi Iordaniyaning (Urdun) o‘sha paytdagi Sadum deb nomlangan yerlarida yashab o‘tgan dunyodagi eng fojir va kofir kavmlardan biri hisoblanadi. Ular insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan katta gunohni boshlaganlardir, bu ham bo‘lsa, erkak kishilarning bir-birlari bilan jinsiy aloqa qilishlari­dir. Ular bu fahsh ishlari bilan faxrlanar edilar. Alloh ta­olo ularni bu munkar ishdan qaytarish, hidoyatga boshlash uchun Lut alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi. Ammo jinoyatkor qavm Allohning elchisini yolgonchiga chiqardi va o‘z diyoridan chiqarib yuborishga harakat qildi...

Lut qavmining razil ishlari va oxiri uning Alloh g‘azabiga uchrab, halokat qilingani tarixi oldingi suralar tafsirida batafsil bayon qilingan. Hozirda besokolbozlik, bachchabozlik arablarda «livota» deb nomlanadi. Bu ishdan jirkanish shun­chalik zo‘rki, uning nomini aytishga ham til bormaydi, ko‘pincha «Lut qavmining ishini qilibdi» deb qo‘yishadi. Chindan ham bu eng yomon fahsh ish hisoblanadi, chunki bu ish bilan mashg‘ul bo‘l­ganlar insonlik tabiatidan chiqib ketgan bo‘ladi. Erkak bilan ayolning qo‘shilishidan hayot davom etadi, erkak bilan erkak ko‘shilsa, buning teskarisi bo‘ladi. Shuning uchun ham barcha shari­atlar bu ishni harom qilgan. Pok insoniy tabiat bu narsani hech qachon qabul qilmaydi. Shuning uchun ham Lut qavmi yer yuzidan butunlay yo‘q qilib yuborilgan. Hozirgi kunda insoniyatga om­maviy qirg‘in dahshatini solib turgan insondagi kasalliklar­ga qarshi kurashish qobiliyatining yo‘qolishi kasalligi (OITS) ham erkaklarning erkaklar bilan qo‘shilishidan kelib chiqqani, shu ish bilan mashg‘ul bo‘luvchilar orasida tez tarkalishi bejiz­ga emas. Eng achinarlisi, dunyoning ayrim mamlakatlarida Alloh harom qilgan bu ishni taqiqlash o‘rniga unga keng yo‘l ochib berish holatlari kuzatilmoqda, hatto bir jinsdagi kishilarning o‘zaro nikohlanishlariga qonuniy tus berilmoqda.

"Savad-ul-azam.uz" matbuot xizmati.


Kiritilgan vaqti: 31/03/2021 14:24;   Ko‘rilganligi: 71
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/ayahs/erkak-bilan-erkak-juft-bolishi-harom
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:00