Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Ақийда

SEHRGARLIK HAQIDA

 
 

Odamlar orasida sehr va sehrgarlik haqidagi gap- so‘zlar, bu hakdagi turli vahimali tafsilotlar tez-tez uchrab turadi. Sehrning mavjudligi dinimiz ta'li- motlarida ham zikr etilgan.

 SEHRNING TA'RIFI

«Sehr» so‘zi lug‘atda chiqib kelgan joyi daqiq va latif, sababi maxfiy bo‘lgan narsaga nisbatan ishlatiladi.

 عن عبدالله بن عمر رضي الله عنهما  فقال رسول الله صلَّى الله عليه وسلَّم  إنَّ مِنَ البَيانِ لَسِحْرًا 

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, bayonning sehrlisi ham bor», deganlar».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

 

«Falonchini sehrlab qo‘ydi» degan iborada «aldadi» degan ma'no bo‘ladi. Aslida sehr bir narsani haqiqatidan boshqa tarafga burishdir. Bunda sehrgarning botil narsani haqiqat qilib ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. «Lisonul arab» kitobida aytilishicha, arablarning sehrni sehr deb atashi sog‘liqni bemorlikka, yaxshi ko‘- rishni yomon ko‘rishga burgani uchundir.

Sehrning ta'rifida ulamolar turli fikrlarni aytishgan. Bayzoviy: «Sehrdan murod hosil bo‘lishi uchun shaytonga yaqinlashiladigan, inson o‘zi qila oladigan narsadir. Bu narsa yomonlikda va nafsining iflosligida iblisga munosib bo‘lgan kimsalardagina hosil bo‘ladi. Ammo hiyla, turli asbob va davolar vositasida odamlarni ajablantiradigan narsalarni qilish, qo‘lini chaqqon harakatlantirib hunar ko‘rsatish mazammat qilinmaydi. Bunday ishlarni sehr deyish uning daqiqligidan, xolos. Sehr aslida sababi maxfiy narsadir», degan.

Hanbaliylar sehrni quyidagicha ta'riflashadi: «Sehr tugunlar, so‘zlar, dam solish yoki bir narsalarni yozish, yoxud qilish orqali kishining badani, qalbi yoki aqliga bevosita ta'sir qilishdir».

Mazkur ta'riflarni jamlab o‘rgansak, ularning har birida sehrning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z borayotganini ko‘ramiz. Demak, ushbu ta'riflarning yig‘indisidan sehrni yanada to‘laroq anglab olamiz.

Sehrga aloqasi bor narsalar:

  1. Sha'vaza.
  2. Nashra.
  3. Azayimxonlik.
  4. Tilsim.
  5. Avfoq.
  6. Munajjimlik.

Sehrgar esa turli uslublarni ishlatib, kishilarga ta'sir o‘tkazuvchi shaxsdir. Qur'oni Karimda sehr to‘g‘risida kelgan oyatda erkakni xotindan ajratuvchi ishlarni qiluvchilar ham sehrgar ekani aytilgan. Sehrgar Qur'oni Karimda qattiq qoralangan.

Alloh taolo Toho surasida bunday marhamat qiladi:

 


وَلَا يُفْلِحُ السَّاحِرُ حَيْثُ أَتَىٰ 

«Sehrgar qayerda bo‘lsa ham, zafar topmas» (69-oyat).

 

 

 

“Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va noan'anaviy davolash kabi ishlarning haqiqati” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 13/02/2021 13:46;   Ko‘rilganligi: 90
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/aqidah/sehrgarlik-haqida
Chop etilgan vaqti: 30/11/2021 05:04