Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Ақийда

Allohni osmonda desak nima bo‘ladi? 6- qism

 
 

Bugungi kunimizdagi Allohga makon nisbatini beruvchilar yuqoridagi oyatlarda ta'vil ham majoz ham mumkin emas deydilar. Faraz qilib, sizlar aytganlaring kabi “Bu ishlar mumkin emas. Ta'vil ham majoz ham nojoiz”, bo‘lsin. Demak ta'vil ham majoz ham yo‘q. Xo‘p bunga ko‘ndik, lekin, o‘zingiz aytgan gapga o‘zingiz amal qilmayapsizku. Ya'ni, aslida, sizlar ham o‘zlaringiz keltirgan oyatlarda ta'vil qilyapsizlar.

Masalan: Birgina quyidagi oyatni olamiz. Shu oyatdan boshqasiga o‘tmaymiz, shu oyatni o‘zi haqida gaplashamiz.

أَأَمِنْتُمْ مَنْ فِي السَّمَاءِ أَنْ يَخْسِفَ بِكُمُ الأرْضَ فَإِذَا هِيَ تَمُورُ

Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi.

Demak, bu oyatda sizlarning ta'biringiz bilan aytganda bizda ham sizlarda ham farishtalar nazarda tutilgan emas, faqat Allohning o‘zi (zoti) iroda qilingan. Lekin aynan shu joyga kelganda bizlar ham sizlar ham taqdirda bir kalima bor deyishga majbur bo‘lamiz. Yani:

Sizning mazhabingizga ko‘ra: ذاته فى السماء -Uning Zoti osmonda bo‘lgan Alloh.

Bizning mazhabda: حكمه فى السماء – Uning hukmi osmonda bo‘lgan Alloh.

Bunday demasdan boshqa iloj yo‘q. Chunki oyatda bu lafzlar kelmagan. Biz o‘zimiz aytgan ma'noni berishimiz uchun o‘sha lafzlarni taqdirda qilishga majburmiz. Sizlar “Biz oyatga biror qo‘shimcha qo‘shmaymiz, biror kalima taqdir qilingan deb aytmaymiz. Sizlar esa kalima taqdir qilasizlar”, deb o‘zilarni oqlamanglar. Chunki, hammamiz ham bir kalima taqdir qilishga majburmiz.

Endi oramizdagi xilof qaysi bir kalimani taqdirda qilinsa, ma'no afzal bo‘lishida qolyapti xolos. Sizlar bizlarga “Zohirga amal qil, zohiridan tashqariga chiqma, ta'vil qilma, oyatda yo‘q narsani ziyoda qilma”, deysizlar. Xo‘sh faqat biz kalima taqdir qilib sizlar sof oyatni o‘zi bilan kifoyalanyapsizlarmi. Yo‘q, bunday deb odamlarni aldamanglar. Hammamiz ham kalima taqdir qilyapmiz. Sizlar zohiriy ma'nosidan tashqariga chiqqaninglar kabi biz ham chiqyapmiz. Sizlar kalima taqdir qilganinglar kabi biz ham kalima taqdir qilyapmiz. Natija qaysi kalima afzal ekanida qolyapti xolos. Sizlar: “Biz Qur'onning zohiri bilan, Alloh aytgan narsadan tashqariga chiqmaymiz, Alloh o‘ziga nimani sobit qilgan bo‘lsa biz ham sobit qilamiz”, deysizlar. Aytingchi Alloh qayerda “Zotini” o‘ziga sobit qildi. Oyatda bormi? Yo‘q. Unda bunday da'voni qayerdan oldinglar?

Bu yerda tushib qolgan kalima qaysi kalima ekanida borasida ixtilof bo‘lyapti. Zotni taqdir qilish sizning ijtihodingiz. Bu Alloh o‘ziga isbot qilgan narsani isbot qilish deyilmaydi. Uning hukmi yoki amri deb taqdir qilish bizning ijtihodimiz. Bir ijtihod boshqa bir ijtihod bilan bekor qilinmaydi. Undan tashqari sizning ijtihodingiz bizning ijtihodimizdan afzal ham emas. Chunki:

Oyatdagi xitob Qurayshga bo‘lyapti. Bilamizki, Mulk surasi Makkiy suralardan hisoblanadi. Alloh Taolo ularga: “Osmondagi Zot sizlarni yerga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi”? deb tahdid qilyapti. Bugungi kunimizdagi Allohga makon nisbatini beruvchilar: “Quraysh Allohni osmonda mavjudligini e'tiqod qiladilar”, deb aytadilar. Bizningcha bunda biroz tafsilot bor. Lekin hozir bu haqda emas. Ular aytgan gaplari bilan oyatni o‘rgansak: Mushriklar Allohning osmonda mavjudligini e'tiqod qiladilar, lekin faqat ibodatda Unga shirk keltiradilar. Allohga makon nisbatini beruvchilar mazhabiga ko‘ra tavhid – uluhiyyat va rububiyyatga taqsimlanadi. Ularning mazhabiga ko‘ra Quraysh Allohning borligini inkor qilmaydi, balki Uni osmonda deb e'tiqod qiladilar. Shundan kelib chiqsak, oyatdagi tahdid qayoqda qoladi. Go‘yoki Alloh Taolo ularga: “Uning zoti osmonda bo‘lgan Zot sizlarni yerga yuttirib yuborishidan qo‘rqmaysizlarmi”? deb tahdid qilmoqda. O‘zi ular Allohning zotini osmonda deb turgan bo‘lsalar, o‘zlari bilib turgan narsalari bilan tahdid qilinmaydiku. Bu uslub ular uchun qo‘rqinchli bo‘lmaydi. Ular Allohning zoti osmonda deb biladilar, lekin but-sanamlariga ibodat qilib, ulardan hojatlarini so‘rab, shafoat talab qiladilar. Yani ular but-sanamlari zarar berishidan qo‘rqadilar. Shuning uchun ulardan so‘raydilar. Allohdan emas.


Kiritilgan vaqti: 14/06/2021 09:49;   Ko‘rilganligi: 68
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/aqidah/allohni-osmonda-desak-nima-boladi-6-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 08:51