Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Ақийда

Allohni osmonda desak nima bo‘ladi? 2- qism

 
 

Bugungi kunda o‘z javobini kutib turgan mas'alalardan biri “Nima uchun Allohni osmonda demaymiz. Axir ochiq oydin oyatlar bunga dalolat qilib turibdiku. Oyatlarni inkor qilamizmi”? degan savollar bo‘lmoqda.

Aslida bu mas'lallarga kirishish oddiy xalq uchun hech ham zarur emas edi, lekin xoxlaymizmi yo‘qmi bu savollar maydonga chiqib bo‘ldi. Endi ularga to‘laqonli, aqlni qanoatlantiradigan hamda qalb taskin topadigan javoblarni o‘z vaqtida bermasak, bizning holatimiz cherkovlar bilan o‘xshash bo‘lib, bu mas'alada bizning yo‘limiz kimlar uchundir dalil hujjati yo‘q, zaif yo‘l bo‘lib ko‘rinadi. Haqiqatdan ham shundaymi? Agar insof bilan Ahli sunna val jamoa ulamolarining kitoblarini varaqlab ko‘rsak, bu savollarga allaqachon javoblarni bitib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Botil ahli har safar mas'ala eskirgach, qaytadan shu mas'alani yana maydonga olib chiqishga urinishadi. Nima qilib bo‘lsa ham jamiyat orasiga tafriqa solib, birdamlikni yo‘qotishga harakat qiladilar. Mayli agar ular bu mas'alani qayta ko‘targan ekanlar, biz ham ularning da'volariga javob bo‘lishi uchun ulamolarimiz taraflaridan berilgan javoblarni taqdim qilib qolamiz. Bunda biz zamonamiz Ahli sunna val jamoa ulamolarining zabardast vakillaridan bo‘lgan Doktor Hamza Bakriy hafizahullohning Imom Lamishiy[2] rohmatullohi alayhining “Kitobut tamhid liqova'idit tavhid[3]” (Tavhid qoidalariga tayyorlov kitobi) asariga aytgan video sharhlaridan foydalanamiz. Ushbu darslikni tanlashimiz bejiz emas. Chunki bu sharhni o‘qib chiqqaningizdan keyin sizda bu mas'ala yuzasidan hech qanday muammo qolmaydi. Butun shubha-gumonlaringiz tarqaydi. Ahli sunna val jamo'aning yo‘li qay darajada mustahkamligi, qanday dalillarga ega ekani va dalillarga qanday nozik munosabatda bo‘lishiga guvoh bo‘lasiz. Ahli sunnaning oldida boshqa toifalarning bu mas'alada qanlay xatoga yo‘l qo‘yganlarini bilib olasiz. Ko‘p kuttirmay mavzuga kirishamiz:

(Allohdan) Makon va jihatni nafiy (inkor) qilish

“So‘ngra (olamni) Yaratuvchi buyuk va oliy zot makon bilan sifatlanmaydi. Yuqorida “Alloh Taolo va olamning juzlaridan biror narsa orasida o‘xshashlik yo‘q” ligi o‘tganligi uchun. Agar Alloh Taolo biror makonga joylashgan bo‘lganida edi miqdor jihatidan Alloh Taolo va makon orasida o‘xshashlik bo‘lib qolar edi. Chunki har bir makon egallab turuvchining o‘rni u egallab turgan joyning miqdorichadir. Alloh Taolo va olamning juzlaridan biror narsa orasida o‘xshashlik sam'iy(naqliy) va aqliy dalillardan iborat biz zikr qilib o‘tganlarimiz sababidan o‘xshashlik nafiy qilingan”[4].

Sharh: Ahli sunna val jamoa: “Alloh Taolo makondan behojat Zot, biror makonda ham, biror tarafda ham emas”, deb biladi. Kitob matnida ushbu aqidaga aqliy dalillar keltirilmoqda.

Bu birinchi dalil. Alloh Taolo va uning maxluqotlari orasida biror jihatdan o‘xshashlik yo‘q. Agar Alloh Taolo bir makonga o‘rnashgan bo‘lganida edi, Alloh Taolo va makon orasida miqdorda o‘xshashlik bo‘lib qolar edi. Qaysidir bir makonni egallab turgan narsa o‘zi egallab turgan makon miqdoriga teng bo‘ladi. Chunki u o‘sha makondan o‘z hajmi miqdorichasini to‘ldirib, band qilib turadi. Band qilingan o‘sha makon va band qilib turuvchi orasida miqdorda o‘xshashlik bo‘ladi. Bu dalil xususida ba'zi munoqashalar bo‘lsa ham, boshlang‘ich tushuncha o‘laroq dalillikka durust bo‘ladi.

“Va yana makon (isboti borasida) gapirishlikda makonni qadim deyishlik yoki Boriy zotni hodis deyishlik lozim kelib qoladi. Buning barchasi muholdir(bo‘lishi mumkin bo‘lmagan ish)”.


Kiritilgan vaqti: 02/06/2021 13:34;   Ko‘rilganligi: 78
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/aqidah/allohni-osmonda-desak-nima-boladi-2-qism
Chop etilgan vaqti: 30/11/2021 05:35