Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Ақийда

Allohni osmonda desak nima bo‘ladi?

 
 

“Xuddi shuningdek gohida فوق (ustida, yuqorida) kalimasi zikr qilinib, undan makon jihatdan yuqorilik iroda qilinadi. Gohida zikr qilinib undan martaba jihatdan yuqorilik yani oliylik iroda qilinadi. Allohning dalillariga qarama-qarshilikni yo‘qotish uchun martaba jihatidan bo‘lgan oliylikka yuriladi”[1].

Sharh:


وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ


Va U Aliy va Aziym Zotdir[2].
Alloh Taolo Oliy Zot ekani borasidagi yuqoridagi oyatlarni hech kim inkor qilmaydi. Faqat, bu yerdagi oliylik makon jihatidan emas, balki martaba, maqom e'tiboridandir. Bunday deyishimizga sabab dalillarni jamlaganimizda bir biriga qarama qarshilik bo‘lmasdan, muvofiq bo‘lishi uchun.
Agar makon jihatidan oliy desak لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ “U zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir”, va

وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُوًا أَحَدٌ

“Va Unga hech kim ten bo‘lmagan”[4], oyatlariga va aqliy dalillarga zid keladi. Martaba, maqom jihatidan Oliy Zot desak yuqoridagi oyatlarga muvofiq bo‘ladi. Dalillar orasida zidlik ham bo‘lmaydi. Chunki Alloh Taolo shu darajada Oliy Zotki unga hech bir narsa teng bo‘lolmas. Bu esa oyatning ma'nosini va aqliy dalillarni yanada takidlaydi. Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki “Bu dalillar madh, maqtov ko‘rinishida kelgan”. Alloh Taolo Kursiy oyatida o‘zni madh etgan.
“Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q, U tirikdir va qayyumdir. Uni mudroq ham, uyqu ham olmas. Osmonlaru yerdagi narsalar Unikidir. Uning huzurida O‘zining iznisiz hech kim shafoat qila olmas. U ularning oldilaridagi narsani ham, ortlaridagi narsani ham bilur. Uning ilmidan hech narsani ihota qila olmaslar, magar O‘zi xohlaganini, xolos. Uning kursisi osmonlaru yerni qamragan. U ularni muhofaza qilishdan charchamas. Va U Aliy va Aziym Zotdir”[5].
Ko‘rdikki har ikkala oyatda ham madh, ulug‘lash o‘rnida kelmoqda. Makonda oliy deyilsa bu ulug‘lash bo‘lmaydi. Chunki, masalan bir odam tog‘ning ustida yashaydi, boshqa biri pastda, vodiyda yashaydi. Hech shubha yo‘qki bu o‘rinda vodiy tog‘ning yuqorisidan afzal hisoblanadi. Shuning uchun ham har doim makonda yuqori bo‘lish, ulug‘lash hisoblanmaydi.
Avvalgi satrlarda, ularning dalillarida yuqori taraf qolganlaridan afzal deb keldi. Albatta, unday emas. Chunki bu odat va urf e'tiboridan shunday. Shuning uchun bizning odatimiz va urfimizda yuqori afzal bo‘lgani uchun Qur'oni Karimni yuqoriga qo‘yamiz. Lekin agar aqlga qo‘yib bersangiz aql uchun yuqori ham past ham bir hil. Aqlning hukmida yuqorini afzal deyishga undaydigan sabab yo‘q. Aslida yo‘q, lekin agar bir jamiyatni tasavvur qilsak va u ajamiyatda “yuqori emas balki past taraf afzal”, degan tushuncha bo‘lsa, o‘sha jamiyatda Qur'onni pastga qo‘yish uni ulug‘lash hisoblanadi. Bu faraziy misol xolos. Demoqchimizki yuqori yoki past tarafning afzalligi qaysi e'tibordan qarashingizga bog‘liq. Ba'zi davlatlarda ko‘p qavatli uylarning yuqori qavati afzal bo‘lsa, ba'zi davlatlarda esa pastki qavatlar afzal hisoblanadi. Demak e'tiboriy ishlarda bunisi afzal deb dalillanish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
“Duo vaqtida qo‘llarni osmonga ko‘tarishda ularga hujjat yo‘q. Chunki, namozda ka'ba qibla bo‘lgani kabi, duoda osmon qibla hisoblanadi. Ikki ibodatda (bu) ikki tarafga yuzlanish qibla bo‘lgani uchun. Alloh Taolo ka'ba yoki osmonda bo‘lgani uchun emas”[7].
Sharh: Nima uchun duoda qo‘llarimizni yuqoriga ko‘taramiz? Chunki, osmon duoning qiblasi hisoblanadi. Xuddiki namozda ka'ba qibla bo‘lgani uchun namozni ka'baga qarab o‘qiganimizdek, Allohning Zoti ka'bada bo‘lgani uchun emas. Shu kabi duoda qo‘llarni osmonga ko‘tarish Allohning zoti osmonda ekaniga dalolat qilmaydi.
“(Allohdan) tarafni inkor qilishdagi bizning hujjatimiz aytib o‘tganlarimizdir. Olti tarafni inkor qilish, agar bo‘lganda bir tarafda bo‘ladigan narsaning yo‘qligidan xabar berish bo‘ladi, xolos. Batahqiq biz zikr qildikki: “Qudrati cheksiz Boriy Zot olamning bir tarafida bo‘lishi muholdir”. Barcha zalolatlardan hidoyat topish Alloh (tavfiqi) bilan”[8].
Sharh: Ular yuqoridagi dalillarida: “Agar bir zotdan barcha taraflar inkor qilinsa bu o‘sha zotning yo‘qligi hisoblanadi”, dedilar. Yani “Bir narsa boru lekin yuqorida ham, pastda ham, o‘ngda ham, chapda ham, oldida ham, orqada ham emas, deyilsa demak bu o‘sha narsani yo‘qligi hisoblanadi.

Masalan: bir kitobingiz bor lekin u sizga nisbatan biror tarafda emas. Demak o‘sha kitob yo‘q degani”, dedilar.
Muallif ularga raddiya berib: olti tarafni inkor qilish doim ham o‘sha narsani yo‘qligidan xabar berish bo‘lmaydi. Balki faqat birgina xolatda bo‘lishi mumkin. Yani biz bahs qilib turgan narsaning haqiqati qachonki o‘sha narsa mavjud bo‘lganda albatta bir tarafda bo‘ladigan narsa bo‘lsa va o‘sha narsadan olti taraf inkor qilinsa, o‘shandagina uning yo‘qligidan xabar berish bo‘ladi. Shu ko‘rinishda bo‘lsagina sizlar keltirgan dalil to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqoridagi kitob bunga misol bo‘ladi. Lekin, agar bir narsa mavjud bo‘lsayu biror jihatda bo‘lmaydigan sifatda bo‘lsa, u narsadan olti tarafni inkor qilish uning yo‘qligidan xabar berish bo‘lmaydi. Masalan: “Falonchining xafaligi yoki xursandligi uning oldida ham, ortida ham, o‘ngida ham, chapida ham, yuqorisida ham, ostida ham emas”, desa to‘g‘ri bo‘laveradi. Bu xolatda “uning xafaligi yoki xursandligini yo‘q”, deb bo‘lmaydi. Chunki, arazlar (sifat)ni jismga nisbatan aloqasi makoniy aloqa emas. Xuddi shuningdek xursandlik va xafalikni makonga aloqasi yo‘q. Agar falonchi xursand bo‘lsa, uning xursandchiligi u bilan qoim bo‘ladi. “Xursandligi uning bu tarafida”, deb aytib bo‘lmaydi. Agar “Uning xursandligi oldida, ortida, o‘ngida, chapida, yuqorisida, ostida emas”, desak “uning xursandligi yo‘q ekan”, degani bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Chunki, xursandlik xursand insonda paydo bo‘lsa biror makon bilan sifatlanmaydi. Xursandlik mavjud bo‘lganda biz undan olti tarafni inkor qilsak, hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Alloh Taoloning haqqida ham shundoq. Alloh mavjud, bor, lekin biror makon bilan sifatlanmaydi. Undan olti tarafni inkor qilishimizda uning mavjud emasligi kelib chiqmaydi. Shuning uchun Alloh olamning yuqorisida ham, ostida ham, o‘ngida ham, chapida ham, oldida ham, ortida ham emas. Shu bilan birga olamning ichida ham, tashida ham emas, chunki jismlar nisbatan ichkari va tashqari tarafdan bo‘lgan aloqa jismoniy aloqa hisoblanadi. Ya'ni, jismlar orasida bo‘ladi bunday aloqa. Alloh Taolo esa jism emas.
Yuqoridagi satrlardan xulosa qilsak: “Alloh Taoloni biror makon yoki jihatda”, deb aytmaymiz. Bizning bu gapimiz zohiriy ma'nosi Allohni osmondaligiga yoki yuqoridaligiga dalolat qiladigan dalillarni inkor qilish emas. Balki, Allohni biror makon yoki tarafda emasligiga dalolat qiladigan qat'iy dalillarga zid kelib qolmasligi uchundir. Vaholanki biz barcha oyati karimalarga birdek iymon keltiramiz, birortasini inkor qilmaymiz. Faqat, qat'iy dalillarga zid kelib qolmasligi uchun avvalo tafviz(Allohga topshirish) qilamiz yoki bir birini inkor qilmaydigan ma'noda ta'vil qilamiz. Bir oyatni tasdiqlaymiz deb boshqa bir oyatni inkor qilmaymiz. Yana bunda barcha mukammallik egasi bo‘lgan Allohga nuqsonni nisbat berish lozim kelib qoladi. Chunki jismlar ularni tutib turuvchiga muhtojligi bor. Alloh Ta'olo hech bir narsaga muhtoj emas. Ular aytayotgan har qanday nuqsonlardan pok Zotdir. Eng to‘g‘ri yo‘l ham, shu emasmi?
Allohga makon va jihat nisbatini beradigan toifalar o‘zlarini qanday nomlamasinlar Ahli sunna val jamoadan emasliklari aniq. Garchi o‘zlarini Ahli sunnadanmiz desalar ham. Chunki biz falon mazhabdamiz degani bilan uning aqidasiga zid aqidada bo‘lar ekan, u mazhabdan hisoblanmaydi.
Agar ushbu satrlardan biror foyda, manfa'at olgan bo‘lsangiz Allohdan, biror kamchilik, nuqsoni bo‘lasa kaminadan deb bilgaysiz.
Alloh bizlarni hidoyat qilganidan so‘ng zalolatga ketkazib qo‘ymasin.


Kiritilgan vaqti: 03/05/2021 12:29;   Ko‘rilganligi: 93
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/islam/aqidah/allohni-osmonda-desak-nima-boladi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2021 20:41