Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оила

Erim har bir ishimdan ayb qidiradi, nima qilsam ko‘ngillarini olaman?

 
 

Assalomu alaykum! Turmush qurganimga 11 yil bo‘ldi. Erim meni yoqtirib uylanganlar. Lekin to‘ydan keyin har bir ishimdan ayb qidirishni boshlaganlar. Uy ishlarini juda yaxshi bajaraman. Hozirgi zamonaviy tansiq taomlarni ham, pishiriqlarni ham bilaman. Ko‘ngillarini olish uchun kunda, kun ora pishirib turaman. Farzandlarimni ham oq yuvib, oq tarayman. Xo‘jaynim tabiatan juda shoshqaloq, besabr odamlar. Har zamonda bir ishga ulgurmagan bo‘lsam, "hech qanday ish qilmaysan, kechgacha o‘tirasan", deb gapiradilar. "Hech narsa pishirmaysan", deydilar, lekin har doim pishiraman. Tungi xizmatlarini ham qo‘limdan kelgancha qilishga harakat qilaman. Bir qarasa yaxshi gapirib, hazilkash bo‘lib qoladilar, bir qarasa, har narsaga jahl qiladilar. Oddiy narsalarga ham jahllari chiqaveradi. Ko‘pincha noroziliklari bilinib turadi. Ishdan kelganlarida kulib kutib olaman. O‘zimga qarab yuraman. Nima qilishimni ham bilmayman. Iltimos, maslahat bering.

Psixolog:
– Va alaykum assalom! Turmush o‘rtog‘ingizning temperamenti sabab u siz aytgan amallarni o‘zi tushunmagan holda qilsa kerak. Ko‘pincha xolerik temperamentiga mansub kishilar har sohada o‘ta talabchan bo‘ladilar. Chunki ularning o‘zi o‘ziga talabchan, shijoatli, charchamas, serg‘ayrat, matonatli, bardoshlidirlar. Shuning uchun bu temperament sohibi barcha odamlarni o‘zi kabi bilib, boshqalarga ham talabchan bo‘lib qoladi. O‘zi har tomonlama shakllangan bo‘lgani uchun birovning qilgan ishidan qoniqmaydi. Bunday temperament sohibiga nisbatan ayol kishi hushomadli bo‘lib, maqtov so‘zlarini ayamasligi kerak. Shunda til topishishi oson bo‘ladi. O‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Sizni birov maqtasa, shu odam bilan urishasizmi yoki kamchiligini qidirasizmi? Yo‘q, albatta! Sizni qilgan ishlaringizni qadrlagan insonni siz ham qadrlaysiz. Hamma insonlar har xil. Bir-birlariga umuman o‘xshamaydilar. Turmush o‘rtog‘ingizga alohida munosabat talab etiladi. Shunga harakat qiling. Vallohu a'lam!


Kiritilgan vaqti: 25/05/2021 10:35;   Ko‘rilganligi: 79
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/family/erim-har-bir-ishimdan-ayb-qidiradi-nima-qilsam-kongillarini-olaman
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 18:37