Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Оила

Er - xotinga tavsiyalar

 
 

Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda quyidagilarga e'tibor berish tavsiya qilinadi:
1. Avvalo muammo haqiqatda ham xilof darajasiga borib yetganmi yoki faqatgina tushunmovchilikdan iboratmi, shuni aniqlab olish kerak. Chunki ko‘pincha oradagi oddiy tushunmovchilik muammo tug‘dirgan bo‘ladi. Agar o‘sha anglab yetilsa va ikki taraf bir-birini tushunsa, ish oson ko‘chadi.
2. Dastlab har kim o‘ziga nazar solsin, o‘zini o‘zi tergasin, kamchiliklarini o‘ylasin, Alloh ko‘rib, bilib turganini yodga olsin. Shunda har kim o‘ziga keladi va sherigining o‘ziga nisbatan yo‘l qo‘ygan xatosini arzimas sanaydi.
3. Har kim, bandaning boshiga balo behudaga tushmasligini, oiladagi janjal ham balo ekanini, o‘zi sodir etgan gunoh sababidan shu holga tushib turgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylasin. Ulug‘ tobe'iyn Muhammad ibn Siyriyn: «Xotinim va ulovimning xulqidan o‘zim ma'siyat sodir etganimni bilaman»,– deganlar.
4. Ikki taraf ham xilof avj olib, o‘zlaridan boshqalarga ham yetib bormasligi to‘g‘risida chora ko‘rishlari zarur. Aks holda, oraga ota ona va qarindoshlar ham qo‘shilib, ish jiddiylashishi, ajrashib ketishgacha borishi mumkin.
5. Nizo nima haqida ekanini aniqlash va o‘sha narsani bartaraf etishdagi oldingi tajribalarni ishga solish katta foyda beradi.
6. Er xotinning har biri muammo haqidagi o‘z tushunchasini ochiq aytishi, gapim to‘g‘ri, boshqasi noto‘g‘ri, degan fikrdan yiroq bo‘lishi va ikkinchi tarafni ham e'tibor bilan tinglashi ishni osonlashtiradi.
7. Suhbatning avvalida ikkovlari oralaridagi yaxshiliklarni eslashlari maqsadga muvofiq. Alloh taolo Qur'oni Karimda: «Oralaringizdagi fazlni unutmang» – degan. Albatta, er xotinning o‘z oralaridagi fazlni eslashlari shaytonni quvadi va o‘rtalarini isloh qilishga yordam beradi.
8. Har kim o‘z haqqinigina o‘ylashi, mazkur haqni kattalashtirib yuborishi ham orani isloh qilishga yordam bermaydi.
9. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda kimning xatosi aniqlansa, o‘shaning o‘z xatosini tan olishi katta jasoratdir.
Shuning uchun ikki taraf ham ushbu jasoratni ko‘rsatishga tayyor turishi darkor. Mazkur jasorat sodir bo‘lganda esa, ikkinchi taraf birinchi tarafning xatosini e'tirof etganiga tashakkur bildirishi va rahmat aytishi lozim. Zotan, xatoni e'tirof etish botilda bardavom bo‘lishdan million marta afzaldir. Xatoni e'tirof etish to‘g‘ri yo‘ldir.
10. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda ikki taraf ham bir-birining asl tabiatida bor narsalarga sabr qilishi kerak. Misol uchun, er ayollarning asli tabiatida bor bo‘lgan rashk sifatini doimo hisobga olishi va unday narsa sodir bo‘lganda sabr qilishi zarur.
Abu Dovud va boshqalar Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollaridan birining huzurida edilar. Mo‘minlarning onalaridan birlari bir idishga taom solib, o‘z xodimlaridan yubordilar. Bas, u (ayol) idishni qo‘li bilan urib, sindirdi.
Nabiy alayhissalom idishning ikki bo‘lagini bir-biriga qo‘shib jamlab, unga taomni yig‘a boshladilar va: «Onangiz rashk qildi, yenglar», – dedilar.
Ular to u (ayol)ning idishi kelguncha yedilar. U zot: «Yenglar», deb, xizmatchini ham, idishni ham tutib turdilar. Toki ular (taom yemoqdan) forig‘ bo‘lganlarida butun idishni xizmatchiga berdilar».
Ushbu rivoyatda ismlari aytilmayotgan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilarida bo‘lgan zavjai mutohharalari Oisha onamizdir. Bo‘lib o‘tgan hodisani roviylar maqtovga sazovor emas, deb tushunib, u kishining ismlarini ochiq aytmay, uchinchi shaxs siyg‘asida, u ayol, deb gap yuritishgan.
Boshqa bir rivoyatda esa, bu hodisani Oisha onamizning o‘zlari aytib berganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishining uylarida bir to‘p kishilar bilan o‘tirganlarida Sofiya onamiz taom pishirib, xodimlari orqali yuboradilar. Idish ham, taom ham Oisha onamiznikidan yaxshi bo‘ladi.
Shunda Oisha onamizni titroq bosib, Sofiya onamizning idishlarini urib, sindiradilar. Idish ikkiga bo‘linib, taom to‘kiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam idishning bo‘laklarini yig‘ishtirib, ushlab turib, taomni unga to‘playdilar va o‘tirgan kishilarga: «Onangizning rashki keldi, sizlar (hech xijolat bo‘lmay) taomni yenglar», – deydilar.
Boshqa rivoyatda aytilishicha, Oisha onamiz:
«Yo Allohning Rasuli, qilgan ishimning kafforoti nima?» – deydilar. U zot:
«Idishga o‘xshash idish, taomga o‘xshash taom», – deydilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho Sofiya onamizning singan idishlariga o‘xshash idish olib kelishga ketadilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa odamlarga taomni yedirib, taom olib kelgan xizmatchini ketkazmay turadilar. Taom yeb bo‘linganidan keyin butun idishni xizmatchiga beradilar.
11. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda Alloh taoloning qismatiga tan berish ham katta yordam beradi. Ayol kishi eridan yaxshilik ko‘rsa, shukr qilsin. Agar boshqa narsani ko‘rsa, «Hamma erkaklar ham shunday», desin. Er ham «Bu ko‘rgulik hammaning boshida ham bor, yolg‘iz menga bo‘layotgani yo‘q», desin.
12. Xilofni bartaraf qilishni achchig‘i chiqib turganda hal qilishga kirishmaslik kerak. Vaqt o‘tib, g‘azab bosilib, aqlu xushi joyiga tushganda masalani xotirjamlik bilan ko‘rsa, yaxshi bo‘ladi.
13. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda har ikki taraf ham bir pog‘ana past tushishga tayyor turishlari kerak bo‘ladi. Chunki har kim aytganida turib olsa, muammoni hal qilish chigallashadi.
14. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda ikki taraf ham shoshilmasligi zarur.
Shoshilish shaytondandir. O‘zlari uchun umr savdosi hisoblangan muhim masala hal bo‘layotganini esda tutib, xotirjamlik bilan ish olib borish muhimdir.
15. Er xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda er ham, xotin ham baxt-saodat molu dunyoda, hovli joyda yoki boshqa moddiy boyliklarda emasligini bir zum ham esdan chiqarmasinlar. Balki, baxt-saodat farovon turmushda, ahil-inoqlikda va mehr-muhabbatda ekanini bilsinlar.
16. Bir-birlarining xatolarini, qoqilish va turtinishlarini afv etishga doimo tayyor turish ham er xotin orasidagi xilofning oldini oladi.
 

«Baxtiyor oila» kitobi asosida tayyorlandi 


Kiritilgan vaqti: 02/06/2021 13:25;   Ko‘rilganligi: 71
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/family/er-xotinga-tavsiyalar
Chop etilgan vaqti: 28/11/2021 04:53