Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

Tavba najot yo‘lidir

 
 

Tavbaning lug‘aviy ma'nosi «qaytish»dir. Ulamolar: «tavba - qilgan gunohiga nadomat qilish, undan to‘xtash va uni qaytib qilmaslikka azmu-qaror qilishdir» deganlar. Har qanday gunohdan tavba qilish musulmon banda uchun farzdir. Zero, kechirimli zot bo‘lgan Alloh O‘z bandalarini tavbaga buyurgan: «Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, najot topsangizlar» (Nur surasi 31-oyat). Bu oyat hamma uchun amrdir. Bunga ko‘ra kim bo‘lishidan qat'i nazar, barcha mo‘minlar tavba qilishlarini, ya'ni yomon fe'llarini agar bor bo‘lsa tark etishlari va go‘zal fe'llar bilan bezanishlari vojibdir.

        

 Yana Alloh buyuradi. “Ey mo‘minlar, xolis tavba qilib, Allohga qaytinglar. Balki, Parvardigoringiz sizlarning yomonlik gunohlaringizni o‘chirib, ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritur. U kunda Alloh Payg‘ambarni va u bilan birga iymon keltirgan zotlarni sharmanda qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o‘ng tomonlarida yurur. Ular: «Parvardigoro, O‘zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni yarlaqagin. Albatta, Sen barcha narsaga qodirdirsan!, – derlar (Tahrim surasi). Shu mazmundagi boshqa oyat ham tavbaning fazilatidan dalolat beradi: “Albatta, Alloh tavba qilguvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutguvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

         Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham tavbaning fazilati borasida shunday marhamat qiladilar: “Tavba qilib, yomon  fe'llarini tark etgan odam Allohning do‘stidir. Tavba qilib, yomon fe'llarini tark etgan odam gunohkor bo‘lmaydi, gunoh qilmagan odamday bo‘ladi”.  Boshqa bir hadisda Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam “Alloh, o‘zining mo‘min bandasi yomon fe'llarini tark etsa, haddan ziyod sevinib ketadi”. deb aytadilar.

 Ulamolarimiz tavbaning to‘rt sharti bor ekaligini aytganlar:

  1. O‘sha zahoti gunohni tark etish.
  2. Gunoh qilib qo‘ygani sababidan nadomat qilish.
  3. Gunohga hech qachon qaytmaslikka qattiq, jazm ila azmu‑qaror qilish.
  4. Agar gunohi birovning haqqiga taalluqli bo‘lsa, o‘sha odamga uning haqqini ado qilish va undan rozilik olish.

Tavbaning eng katta sharti esa u xolis Alloh uchun bo‘lishidir.        

         Shayx Oiz al-Qarniy hafizahulloh “ Cho‘kayotgan odam qutqaruv arqoniga tirmashganidek, sen ham istig‘for arqoniga shunchalik mahkam osil! Chunki gunohlar to‘fonidan faqatgina Nuhmonand, tavba qiluvchi kishigina najot topadi (ya'ni suv to‘fonidan Nuh alayhissalom omonda qolganlari kabi, gunohlar to‘fonidan tavba qiluvchigina najot topib qoladi). Gunohlar otashidan faqatgina Ibrohimmonand tavbagina salomat chiqadi (ya'ni Ibrohim alayhissalom olovdan salomat qolganlaridek, Allohga qaytib, unga chinakam tavba ila qaytgan insongina gunohlar alangasidan qutulib qoladi” deb aytadilar.

Robbim barchalarimizni najot topuvchi bandalaridan aylasin!

Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom xatibi Abdumannonov Nursulton 


Kiritilgan vaqti: 19/03/2021 11:14;   Ko‘rilganligi: 113
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/tavba-najot-yolidir
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:30