Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

OISHA ONAMIZ. 3- qism

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

OISHA ONAMIZ.
Nabaviy lutf Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga o‘sha paytda o‘zlariga xos sharoit yaratib berishga harakat qilar edilar. Ko‘pincha u Zot Oisha onamiz roziyallohu anhoning kichik yoshdaliklarini e'tiborga olib, u kishining darajalariga tushar edilar. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoga nabaviy lutf ko‘rsatar edilar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida qo‘g‘irchoq o‘ynar edim. Dugonalarim kelar edilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tortinib qolar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni men tomon yo‘llab qo‘yar edilar». Muslim rivoyat qilgan. Imom Ahmad va Imom Abu Dovud Oisha onamiz roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda quyi­dagilar aytiladi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u Zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening go‘shtim og‘irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va haligi bilan biru bir, dedilar». Qarang, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasi o‘tkazgan ekanlar. Bu yugurish musobaqasi o‘tgan paytda u Zotning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Keyingi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizdan o‘zib ketgan yugurish musobaqasida esa u Zotning yoshlari undan ham katta bo‘ladi. Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Abu Bakr kirganida, oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytgan narsani qo‘shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo‘shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag‘masi bo‘lyaptimi?!» dedi. O‘sha kuni, Iyd kuni edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir», dedilar. Boshqa bir rivoyatda: «Abu Bakr u(Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganda uning huzurida ikki qizcha qo‘shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa kiyimlariga burkanib uxlab yotar edilar. Abu Bakr ikkovi (qiz)­ni so‘kib to‘xtatdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib: «Tek qo‘y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar Iyd kunlari», dedilar», deyilgan

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 05/04/2021 11:14;   Ko‘rilganligi: 100
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/oisha-onamiz-3-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:51