Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

OISHA ONAMIZ. 2-qism

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

OISHA ONAMIZ

Keyin nima bo‘lganini Oisha onamiz roziyallohu anhodan eshitamiz. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni nikohlariga olganlarida olti yoshli qiz edim. Madinaga keldik. Bani Horis ibn Xazrajga tushdik. Men isitmalab qoldim. Sochim titilib ketdi. Keyin yelkamgacha o‘sdi. Oldimga onam Ummu Rummon keldi. Men dugonalarim bilan halinchak o‘ynayotgan edim. U menga qarab qichqirdi. Men uning oldiga bordim. U mendan nimani xohlashini bilmas edim. U mening qo‘limdan ushlab hovlining eshigigacha yetaklab bordi. Men hansirab turar edim. Bir oz nafasim rostlandi. U bir oz suv olib mening yuzimni va sochimni artdi. So‘ngra hovliga kiritdi. Qarasam, uyda ansor ayollar o‘tirishibdi. Ular: «Xayr-barakali bo‘lsin, rizqi ro‘zi ulug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Onam meni ularga topshirdi. Ular mening holimni to‘g‘rilashdi. Qarasam, choshgoh paytda oldimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar. Ular meni u Zotga topshirdilar. Men o‘sha kunlarda to‘qqiz yoshli qiz edim». Buxoriy rivoyat qilgan. Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Xadicha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlaridan uch yil oldin vafot etdi. U Zot ikki yil yoki shunga yaqin turib turdilar. Keyin Oishani nikohlariga oldilar. U olti yoshli qiz edi. U bilan birga yashashni hijratdan keyin Shavvolda boshladilar. U o‘shanda to‘qqiz yoshli qiz edi» Buxoriy rivoyat qilgan. O‘sha kuni boshqa biror narsa ham bo‘lgani yo‘q. So‘yish ham so‘yilmadi. Dasturxon ham yozilmadi. Boshqa biror ish ham qilinmadi. To‘g‘ri, Sa'd ibn Uboda roziyallohu anhu o‘z odatlari bo‘yicha yuborib turadigan bir siqim narsalarini yubordilar. U kishi bir qadahda sut ham yuborgan edilar. O‘sha sutning bir ozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va qolganini Oisha onamizga tutdilar. U paytlarda boshqa narsaga iloj ham yo‘q edi. Ammo shunda ham agar buni to‘y deyish mumkin bo‘lsa, to‘y marosimi Oisha onamizning umr bo‘yi eslab yuradigan baxtli onlari bo‘lib qoldi. U kishining nazarida Shavvol oyi eng baxtli va barakali oy bo‘lib qoldi. Bu oy Oisha onamiz roziyallohu anho uchun aziz va mahbub oyga aylandi. Abu Ubayd ibn Musanna aytadilar: «Oisha onamiz roziyallohu anho o‘z qarindosh ayollarining to‘yi Shavvolda bo‘lishini mustahab sanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shavvoldan meni o‘z nikohlariga oldilar, Shavvolda men bilan birga yashashni boshladilar, u Zotning qay ayollari mendan ko‘ra nasibaliroq, der edilar». Oisha onamiz roziyallohu anhoning mahrlari besh yuz dirham bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab, Oisha onamiz roziyallohu anho kelinlik uylarida istiqomat qila boshladilar. Bu kelinlik uyi Masjidi Nabaviyga yopishtirib qurilgan bir kichik hujradan iborat edi. Mazkur hujra xom g‘isht va xurmo yog‘ochidan qurilgan edi. Uyning anjomlari ham o‘ziga yarasha edi: ichiga xurmo qipig‘i solingan teri to‘shak, oddiy bo‘yra, eshikka esa jun parda tutilgan edi. Kelinning o‘zlari bo‘lsa, yengil jussali, jikkak qiz bo‘lib, ko‘zlari katta-katta, jamalak soch va qizil yonoqli edilar. Ammo bu kichik hujra ham, o‘sha kichik hujradagi kichik kelin ham butun dunyoga tatir edilar. Xuddi ana shu kichik hujra Alloh taoloning huzuridan vahiy nozil bo‘ladigan bir ulug‘ ma'voga aylandi. Xuddi ana shu kichik hujra Alloh taoloning qiyomatgacha mo‘jizasi bo‘lib qoladigan samoviy kitobi — Qur'oni Karimning ko‘pgina oyatlari tushadigan muqaddas makonga aylandi.

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 03/04/2021 11:03;   Ko‘rilganligi: 83
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/oisha-onamiz-2-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 09:12