Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

OISHA ONAMIZ.

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

Hijrat qilishda Yosh bo‘lishlariga qaramay, Oisha onamiz otalarining uyidan turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tashvishlariga sherik bo‘lar edilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hijratlarini tashkil qilishda ham ishtirok etganlar. Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Bir kuni havo rosa qizigan paytda Abu Bakrning uyida o‘tirgan edik. Birov Abu Bakrga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini to‘sgan hollarida kelmoqdalar», deb qoldi. Odatda bundoq vaqtda u Zot biznikiga kelmas edilar. Abu Bakr: «Ota-onam u Zotga fido bo‘lsin. Allohga qasamki, u Zotni bu soatda muhim ish olib kelgan bo‘lsa kerak», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib izn so‘radilar. U Zotga izn berildi. U Zot kirdilar va Abu Bakrga: «Oldingdagilarni tashqariga chiqar», dedilar. «Otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli. Bular – o‘z ahlingiz, xolos», dedi Abu Bakr. «Menga chiqish uchun izn berildi», dedilar. «Hamrohlikmi, otam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli?» dedi Abu Bakr. U Zot: «Ha», dedilar. Abu Bakr: «Ey Allohning Rasuli, anavi ikki ulovimdan birini oling», dedi. U Zot: «O‘z bahosiga», dedilar. Oisha aytadi: «Ikkala otni chiroyli qilib jihozladik. Bir qo‘yni qovurib, meshga joyladik. Opam Asma belbog‘idan yirtib, meshning og‘zini bog‘ladi. Shuning uchun u «Zotunnitoq»–«belbog‘ egasi» deb nomlangan. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Savr tog‘idagi bir g‘orga yetib bordilar. Uning ichida uch kecha berkinib yotdilar. Ikkovlarining oldida Abdulloh ibn Abu Bakr ham tunni birga o‘tkazar edi. U yosh, sezgir va o‘tkir zehnli edi. U ikkovlarining oldidan tong qorong‘usida chiqib, tongni Qurayshning huzurida, Makkada tunagandek ottirar edi. U ikkovlari haqida bo‘lgan har bitta gapni yaxshilab eshitib olib, qorong‘u tushishi bilan oldilariga kelar va xabarini yetkazar edi. Abu Bakrning mavlosi Omir ibn Fuhayra qo‘y boqar, xuftondan keyin qo‘ylarni g‘or tepasida rohatlantirardi. Ikkovlari tuzukkina taom, qo‘ylarning sutiga ega bo‘lar, Omir tong qorong‘usida qo‘ylarni qichqirib haydaguncha, tinch bo‘lar edilar. U mazkur uch kechaning har birida shunday qilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Bani Dayldan bir mohir kishini ijaraga yo‘l boshlovchi qilib olishdi. U Oss ibn Voil as-Sahmiyning ahli ila ahdnoma uchun qo‘l botirgan edi. U Quraysh kofirlari dinida edi. Ikkovlari unga ishonishdi. Ulovlarini unga berib, uch kechadan so‘ng g‘or og‘zida uchrashishga kelishishdi. U uchinchi kechaning tongida ulovlarni olib ikkovlari oldiga keldi. Ikkovlari bilan Omir ibn Fuhayra ham yurib ketdi. Yo‘l boshlovchi pastqam yo‘llarni tanladi» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). Ushbu rivoyatdan ma'lum bo‘ladiki, Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu hijratining har bir lahzasini ziyraklik bilan kuzatib turganlar, butun vujudlari bilan ular uchun qayg‘urganlar. Ikki muhojir jo‘nab ketishlari bilan ish tugab qolmagan. Undan keyin ham o‘ziga yarasha tashvishlar chiqib turgan. Otalari va erlarining xavf-xatar ostida hijrat qilayotganlarini to‘liq anglab yetgan Oisha onamiz eshikning qattiq taqillashidan cho‘chib ketadilar. U kishi gap nimadaligini bilmay turgan joylarida qotib qoladilar

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li.


Kiritilgan vaqti: 01/04/2021 11:37;   Ko‘rilganligi: 80
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/oisha-onamiz
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 08:43