Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Таълим-тарбия

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari. 5- qism

 
 

بِسْــــــــــــــــــــــمِ ﷲِالرَّحْمَنِ الرَّحِيم.

Bismillahir rohmanir rohiym

Olamlar Rabbisi Allohga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad sallohu alayhi vassallamga va u zotning ahli va as'hobiga salavotu salomlar bo‘lsin

قال رسول الله ‎ﷺ: { مَنْ دَل عَلَى خَيْرٍ فَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ فَاعِلِهِ } رواه مسلم

Alloh yo‘lida do‘stlashish odob va huquqlari.

32. Birodarini yo‘qlab turish. Birodaringiz masjidda yo ishxonada ko‘rinmay qolsa, u haqda so‘rab-surishtirish va ahvolidan boxabar bo‘lish, uni yo‘qlab borish. Chunki u sizning yordamingizga muhtoj bo‘lishi mumkin.
33. Uning do‘stlarini do‘st tutish, xususan yaxshilik va taqvo ahlidan bo‘lsalar. Imom Shofeiy rahimahulloh aytganlar: «Do‘stning do‘stini do‘st tutish chin do‘stning belgilaridan» (al-Majmu' sharhul muhazzab). Chunki bu unga bo‘lgan ixlosning komilligidan va do‘stlikka vafo qilish jumlasidandir.
34. Uning arzimas ishlardagi xato va kamchiliklaridan ko‘z yumish, sizning haqqingizda qilgan xatosini kechirish. Shofeiy rahimahulloh aytganlar: «Kim do‘stiga haqiqiy do‘st bo‘lsa, uni bor kamchiliklari bilan qabul qiladi, nuqsonini to‘g‘rilaydi, xatosini kechiradi» (al-Majmu' sharhul muhazzab).
35. Do‘st bilan barcha ishlarda ochiq-oshkora bo‘lish, takallufga yo‘l qo‘ymaslik. Shofeiy rahimahulloh aytganlar: «U bilan murosai madora qilishga majbur bo‘lgan kishing haqiqiy do‘sting bo‘lolmaydi» (al-Majmu' sharhul muhazzab). Murosa qilish uchun ko‘ngilda bo‘lmagan so‘zlarni gapirish chin do‘stlik belgilaridan emas.
36. Birodari g‘oibligida uning ahlidan boxabar bo‘lish. Birodar uyidan uzoqda yo safarda bo‘lsa, uning ahli-oilasiga qarab turish, imkon qadar ularga nafaqa berib, hollaridan xabar olib turish va uning yo‘qligini bildirmaslik. Salaf solihlarimizning do‘stlarga nisbatan odatlari shunday edi.
37. Vafot etsa janozasi va dafnida hozir bo‘lish. Bu ham sizning zimmangizda bo‘lgan uning haqlaridan. Bunga dalil bo‘luvchi hadis 5 – odobda o‘tdi.
38. Hayotlik davrida ham, vafotidan keyin ham uning gunohlariga mag‘firat so‘rash, yodga olganda haqqiga duo qilish. Zero, bu chin muhabbat belgilaridan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalaridan birini dafnidan forig‘ bo‘lgach: «Birodaringiz uchun istig‘for ayting, unga Allohdan sabot berishini so‘rang. Chunki u hozir so‘roq-savolga tutiladi», deganlar (Abu Dovud, Hokim rivoyatlari).
39. Uning vafotidan so‘ng bola-chaqasining holidan xabar olib turish, ehtiyojlarini o‘tab berish, muhtoj bo‘lsalar moddiy yordam ko‘rsatish. Bu do‘stga uning vafotidan so‘ng vafo qilish jumlasidan hamda sizning zimmangizdagi uning va bola-chaqasining haqlaridandir. Salaflardan ko‘plarining odati shunday edi.
40. Vafotidan so‘ng uni faqat yaxshilik bilan eslash, huzuringizda zikr qilinsa unga Allohning rahmatini so‘rash, shuningdek, vafotidan so‘ng hech kimga uni yomonlashiga yo‘l qo‘ymaslik ham do‘stlikka vafo qilish jumlasidan sanaladi.
41. Vafotidan so‘ng uning oilasi va yor-do‘stlari bilan bordi-keldi qilib turish ham do‘stlikka to‘la vafo qilish jumlasidan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam Xadija roziyallohu anhoning vafotlaridan keyin u kishining yor-do‘stlari bilan aloqa qilib turardilar. «Ko‘pincha qo‘y so‘ysalar, uning bir bo‘lagini Xadicha roziyallohu anhoning dugonalariga yuborardilar» Imom Buxoriy rivoyat. Mavzu bo‘yicha maqolalarimiz silsilasi nihoya topdi. Vassalomu alaykum va rahmatulloh.

Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom xatibi Amirov To‘lqin Barot o‘g‘li


Kiritilgan vaqti: 26/03/2021 12:27;   Ko‘rilganligi: 79
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/eductaion/alloh-yolida-dostlashish-odob-va-huquqlari-5-qism
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 10:19