Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Долзарб мавзу

Toyyiba universiteti doktori, fazilatli shayx Muhammad al-Amsamiy "Olim o‘qituvchi va ilm olishga o‘zini bag‘ishlagan talabaga iqtisodiy kafillik qilishning fazilati" nomli ilmiy maqola yozgan. Avvalo, e'tiboringizga uning tarjimasini havola etamiz:

 
 

"Halol kasb qilishga eng iqtidorli kishilar tolibi ilmlardir. Chunki ular tadbirkorlik borasida yuksak mahorat, yetarli tushuncha va yo‘nalishga egadir. Bunga birinchi yorqin misol Nabiy sollallohu alayhi va sallamning payg‘ambarliklaridan oldingi ulkan daromad keltirgan bir necha tijoratlari hamda u zot alayhissalomning tijorat bilan shug‘ullangan sahobalarining faoliyatlaridir. Shunikdek, ulardan qaysi birlari qanday ish bilan shug‘ullangan bo‘lsalar, albatta, uning uddasidan chiqqanlar. Bunga Islom tarixi tirik guvohdir.

1.Alloh taolo tolibi ilmlardan shunday buyuk ishlarni talab qilganki, u ishlar talabalarni faqat o‘zining tor doirali shaxsiy manfaatini o‘ylashdan voz kechishga, oqibati tahsinga sazovor, naf keltiruvchi ishlarni yaxshi ko‘rishga undagan va bu umummanfaatli, doimo butun ummat hamda kelajak avlodlarning asosiy ehtiyoji bo‘lgan ishlarga o‘zlarini to‘laligicha bag‘ishlashga da'vat qilib, ularni dunyodan rag‘batlarini so‘ndirib, iymon halovati ta'mini tottirib, imkon qadar, dunyoga bog‘lanib qolmay, uni tashvishini kamaytirish, dunyo matolaridan zaruriy ehtiyoj bo‘lgan narsalarni olish bilan kifoyalanishga o‘rgatdi.

2.Ularning ta'lim-tarbiyaviy hamda ilmiy ishlari qalbni –dunyo tashvishlari-yu, uning ortidan kasb qilaman, mol-mulk yig‘aman, bankda saqlayman kabi – barcha chalg‘ituvchi fikrlardan, dunyoda o‘z mustaqil g‘oyasi bor kishining shu foydali g‘oyasini amalga oshirib, qisqa umrini yaxshiliklar bilan to‘ldirishi uchun asosiy sarmoyasi bo‘lmish oltindan qimmat vaqtini o‘g‘irlovchi ishlardan xoli bo‘lishini talab qiladi.

3.Qolaversa, ular rizqning yo‘llari ko‘p ekanini, dunyoga o‘zini urish ham o‘shalardan bir torgina yo‘l ekanini biladilar. Shuning uchun ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri rizq beruvchi Roziq zotning o‘ziga itoat qilishga hamda Allohning qaramog‘idagi boqimandalari bo‘lmish xalqning manfaati uchun ishlashga yuzlanganlar. Eng yaxshi odam bu – Alloh subhanahu va taoloning boqimandalariga manfaat yetkazuvchi kishi! Nima deysiz? Allohga itoat va xalqiga manfaat yetkazishga yuzlangan kishini Alloh qarovsiz qoldirib, zoye qiladimi?!

Nabiy sollallohu alayhi va sallam payg‘ambarlikdan ilgari cho‘ponlik qilib, qo‘y boqqanlar, so‘ng tijoratchilik qilganlar. U zot sollallohu alayhi va sallam eng barakali va eng ko‘p foyda ko‘ruvchi savdogarlardan birlari hamda eng va'dasiga vafodor, omonatdor bo‘lganlar. Bu esa foyda ko‘rishni xohlovchi savdogarlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan eng muhim shartlardir. Mo‘minlar onasi Xadija raziyallohu anho U zot alayhissalomning buyuk va go‘zal axloqlariga tahsin aytib, bunday degan edilar: "Yo‘q, Allohga qasamki, hech qachon Sizni Alloh xor qilmagay! Chunki Siz, silai rahm qilasiz(qavmi-qarindoshchilik aloqalarini bog‘laysiz), hech vaqosi yo‘q, jamiyatga boqimanda-yuk bo‘lgan kishilar yukini ko‘tarasiz, yo‘qsillarga imkoniyat yaratib berasiz, mehmonga ziyofat-dasturxon yozasiz, dunyoni turli mashaqqat-sinovlariga uchraganlarga yordam berasiz" (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazkur ishlarning barchasini bajarish uchun mol-mulk kerak. Bular yaxshilik yo‘lida infoq qilishning eng ulug‘ ko‘rinishdagisi, eng muhimi va eng manfaatlilaridir.

Mashaqqat va sinovlarga duchor bo‘lganlarga yordam berish...

Qaysi xayr-ehson odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi-muallim va o‘sha yaxshilikni o‘rganuvchi-talabani moddiy ta'minlashdan ulug‘roq ekan? Kafilligiga olgan kishiga bu kabi yuksak axloqiy usullar borasida Nabiy sollallohu alayhi va sallamga ergashganining o‘zi ulkan sharaf bo‘la oladi. Endi uning Alloh taoloning huzuridagi savobi haqida har qancha gapirsangiz, shuncha ozdir!..

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madina shahridan Makka shahriga hijrat qilganlaridan so‘ng U zotning huzurlariga kelgan barcha sahobalar tolibi ilm hisoblanadilar. Ularni moddiy ta'minotiga kafillik qilish esa, dunyodagi eng fazilatli, samara va manfaati naqd, Oxiratga eng yaxshi zaxira bo‘luvchi amallardan biridir. Buni chuqurroq anglash uchun Islomning boshida "Suffa ahli" - deya tanilgan qavmlarning hayotiga e'tibor qaratamiz. Ular Islomning mehmonlari, Madinada uy-joyi, mol-mulki bo‘lmagan, g‘arib-musofir va kambag‘al talabalardir.

Abu Hurayra raziyallohu anhu ham ulardan biri bo‘lgan. U zot "Ahli suffalar" haqida bunday deganlar: "Ular Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan qisqa va uzoq muddatlar mobaynida qorin to‘ydirish evaziga birga yurar edilar. Masjidda yuz yoki undan ozmi-ko‘proqmi "Ahli suffa"lar yig‘ilib qoldilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam Madina ahlining barchalari ularni iqtisodiy ta'minotini kafolatlashga mas'ul deb bilar edilar. Shuning uchun uylaridan ularga yegulik va ichimlik qidirar hamda sahobalaridan ham talab qilar, ularni odamlardan tilanib yurishga hargiz tashlab qo‘ymas edilar. Balki o‘zlari namuna bo‘lganlari holda odamlarni bu ishga amal va so‘z bilan dalolat qilib: "Kim falonchini kechki ovqat bilan ta'minlaydi? Kim uyiga bir kishini olib ketadi? Kim ikki kishini mehmon qiladi? Chunki bir kishilik ovqat ikki kishiga ham kifoya qiladi. Ikki kishilik ovqat uch kishiga yetadi" – der edilar.

Abdur Rahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: "Kimning uyida to‘rt kishiga yetgulik ovqat bo‘lsa, beshinchi yoki oltinchisini o‘zi bilan birga olib ketsin" – derdilar. So‘ng Abu Bakr uch kishini olib ketdilar, Nabiy sollallohu alayhi va sallam o‘n kishini olib ketganlar" (Imom Buxoriy rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi va sallam ularni faqat kambag‘alligi uchungina qaramog‘lariga olganlar deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, ular nochor talabalar ham bo‘lganlar, to‘g‘ri yo‘l va shar'iy yo‘nalishni o‘rganib, kelajakda uni odamlarga omonatdorlik ila yetkazib, xalqni to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishiga sababchi zotlar ham bo‘lganlar.

Muhammad ibn Maslama raziyallohu anhuning takliflariga qaraylik. Masjidda bu talaba(ahli suffa)larning soni ko‘payib ketgani va Nabiy sollallohu alayhi va sallam ularni ishlarini zimmalariga olib, odamlarga qarata: "Yaxshilikka dalolat qiluvchi ham uni qiluvchisi kabidir" – deganlarida u zotga rahmi kelib, "Bu mehmonlarni ansorlarning uylariga tarqatib yuboring! Biz har bir uy boshiga sizga bir bosh xurmo ajrataylik, huzuringizga keluvchi qavmlarga ozuqa bo‘lsin" – degan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "To‘g‘ri aytding, maylin", dedilar. Uning xurmosi pishgach, bir boshni olib kelib, masjidga – ikki ustunning orasiga – qo‘ydi. Buni ko‘rgan odamlar ham shunday qila boshladilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu bu ishga tashkilotchilik qilar edilar...

Talabalari Qur'on va Sunnati mutahhara, fiqh va odob nurlarini tarqatuvchi ilm dargohlarida ta'lim olib turgan jamiyat – turli kamchilik va nuqson, buzuq e'tiqodlardan salomat jamiyat bo‘lib, unda talaba va olimlarni moddiy ta'minoti bo‘yniga olish, ularni ehtiyojlarini chiroyli tarzda ado etishdek, savobu-fazilatli ishlar borasida hech bir muammo bo‘lishi mumkin emas.

Bu mas'uliyat birinchi bo‘lib, ularning badavlat va imkoniyati keng kishilariga so‘ng jamiyat zimmasiga umumiy tarzda yuklanadi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam musofir talabalarga yaxshi munosabatda bo‘lishga buyurganlarida, ulamolar tolibi ilmlarni "Marhabo" – deb, quchoq ochib, kutib olib, ularga o‘zlarida bor ilm-ma'rifatlarni bersinlaru, so‘ng evaziga jamiyat olimlarni hech bir kafolatu-ta'minotsiz, qarovsiz, g‘arib holda tashlab qo‘yishlarini nazarda tutganmilar? Nima deysiz?

U hadisi sharif butun vujudini mol-mulkiga ochko‘zlik hissi egallab olgan, uning vositasi ila yaxshiliklar qilish yoki fazilatli ishlar ila jamiyatda o‘zidan yaxshi xotiralar qoldirishni istamas ba'zi kishilar tushungan – olimlar darsini bersinu, hech qachon, hech kimdan, hech narsa kutmasin kabi – muddaodan ko‘ra kengroq ma'noni bildiradi!

Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Sizlarning huzuringizga Mashriq tomondan ilm olish uchun ko‘plab kishilar keladilar. Kelganlarida ularga yaxshilik qilinglar".

Bu hadisning roviysi: "Abu Saidning o‘zlari bizni ko‘rsalar: "Marhabo, ey Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshilik qilishga buyurgan zotlar, xush kelibsiz!" – der edi" – degan. Boshqa bir rivoyatda – hadis roviysi Abu Horun Abdiy bunday degan: "Biz Abu Said al-Xudriyning huzuriga borar edik. U esa: "Marhabo, ey Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshilik qilishga buyurgan zotlar, xush kelibsiz! Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Albatta, odamlar (ilmda) sizlarga tobe'durlar. Yer yuzining barcha qit'alaridan sizning huzuringizga odamlar dinni chuqur o‘rganish uchun keladilar. Kelganlarida ularga yaxshilik qilinglar" – deya buyurganlar" – der edi.

Olim va ta'lim oluvchi ajrda teng sherik bo‘lishsa, farishtalar ularning qilgan ishlaridan rozi bo‘lganlari uchun ularning oyoqlari ostiga qanotlarini to‘shasalar, ular odamlarga ko‘plab manfaatlari tekkani, ularga Alloh va payg‘ambarlarni, farishtalarni tanitib, haq-huquq va hukmlar, halol-haromni o‘rgatganlari uchun – ularning haqiga hamma narsa, hatto dengizdagi kitlar ham istig‘for aytsalar, bu yaxshilikni o‘rganuvchi va o‘rgatuvchi hamda ilmga chorlovchilarni iqtisodiy kafolatini bo‘yniga olgan kishilarning – insha Alloh – bu yaxshilik, ajr-mukofot, savobdagi ulush-nasibalari ham olimu-talabalardan kam bo‘lmaydi. Balki ulardan ortiq bo‘lishi mumkin. Sabab shuki, olim va talabalar moddiy tomondan qaramog‘iga oluvchi kishi topa olmasalar, bu yaxshilikdan uzilib qolib, undan butkul yuz o‘girishlari ham mumkin. Natijada, ilmsizlik va yomonlik omma xalqni egallaydi, yer yuzida nomaqbul ishlar keng tarqaladi, oqibat xalqqa Allohning qahru-g‘azabi kelur...

Farazan, ummatning boy kishilari orasida bu kabi xayrli ishlarni qilishni ahamiyat qaratuvchilar topilmasa, zakot faqat faqirlarga berilsa, olimlar, to‘g‘ri yo‘lga chaqiruvchi va talabalar vojib zakotdan ma'lum miqdorda beriluvchi kishilar ro‘yxatining eng boshida turishlarida shubha yo‘q!

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida ikki aka-ukalar bor edi. Biri Nabiy sollallohu alayhi va sallamni huzurlariga kelib, ilm o‘rganar edi. Ikkinchisi hunarmandlik qilib, kun ko‘rishar edi. Shu hunarmand ilm o‘rganuvchi birodari ustidan (u ham ishlasin-da, qachongacha men ishlayveraman? – deb), Nabiy sollallohu alayhi va sallamga shikoyat qildi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Balki senga uning sababi(barakasi)dan mo‘l rizq berilayotgandir?!" – dedilar" (Imom Termiziy rivoyati).

Doktor Muhammad Al-Amsamiyning maqolasidan


Kiritilgan vaqti: 21/04/2021 12:37;   Ko‘rilganligi: 73
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/actual/toyyiba-universiteti-doktori-fazilatli-shayx-muhammad-al-amsamiy-olim-oqituvchi-va-ilm-olishga-ozini-bagishlagan-talabaga-iqtisodiy-kafillik-qilishning-fazilati-nomli-ilmiy-maqola-yozgan-avvalo-etiboringizga-uning-tarjimasini-havola-etamiz
Chop etilgan vaqti: 28/11/2021 03:58