Samarqand viloyati Samarqand shahar Bosh imom-xatibligi w w w . s a v a d - u l - a z a m . u z

Долзарб мавзу

Insonning bu olamdagi yuksak vazifasi

 
 

Albatta Alloh taolo insonni barcha mavjudotlar qatorida yaratib, unga eng yuksak vazifani topshirdi. Bu vazifa ulug‘ va o‘z navbatida og‘irdir. Inson azaliy bo‘lmasa ham abadiydir. Uning jasadi tuproqdan bo‘lsa ham, ruhining haqiqati malikut olamidan bo‘lib, rabboniy ruhdir. Uning asli javhari va zoti hayotining ilk davrida hayvoniy va shaytoniy xislatlarga bog‘langan bo‘lsa ham jiddu jahd yordamida Olamlar Robbi birla suhbatdosh bo‘lishga loyiq bo‘ladi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ ثُمَّ رَدَدْنَاهُ أَسْفَلَ سَافِلِينَ إِلَّا الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ فَلَهُمْ أَجْرٌ غَيْرُ مَمْنُونٍ﴾

“Biz insonni eng chiroyli siymoda yaratdik. Keyin uni eng pastlar pasti darajasiga tushurdik. Magarda ham, ular ichidan iymon keltirib solih amallarni qilganlarga bitmas va tugalmas mukofotlarni berdik” (Tiyn surasi, 4-6 – oyatlar).

Insonning yuksak maqomi farishtalar darajasiga ko‘tariladi. Agar shahvat va g‘azabdan xalos bo‘lib, u ikkisini o‘ziga asir qilib olsa va ularga podshoh bo‘lsa. Bunday maqom odam bolasining komillik darajasi sanaladi. Agar inson Haq taoloning jamoliga ulfat topish lazzatiga erishsa, uning jamolini ko‘rishdan bir lahza ham sabr qila olmaydi, zero, Uning jamolini ko‘rish uning jannati bo‘ladi.

Odam farzandining zoti va javhari ilk yaratilish bosqichida noqis, past va hasis bo‘ladi. Bu nuqsondan komillik darajasiga ko‘tarilish unga faqat jiddu jahd va muolaja vositasida mumkin bo‘ladi.

Alloh taolo bandalarini haq yo‘l sari hidoyat qilishga payg‘ambarlarni insonlar orasidan tanlab, shariat bilan yuborgandir. Toki ularni tarbiyalab, dil va ruh javharini jiddu jahd vositasida barcha yomon xulqlardan poklab, chiroyli xulqlar birla ruhga jilo bersin. Shu jihatdan Parvardigori olam O‘z podshohligi va pokligi bilan O‘zini madh etib, payg‘ambarlarni inson saodati uchun yuborganini ham ma'lum qiladi:

﴿يُسَبِّحُ لِلَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ الْمَلِكِ الْقُدُّوسِ الْعَزِيزِ الْحَكِيمِ هُوَ الَّذِي بَعَثَ فِي الْأُمِّيِّينَ رَسُولًا مِنْهُمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ﴾

“Barcha osmonlar va yerdagi narsalar Allohni poklik bilan zikr qiladi. Ulug zot, Podshoh va barcha ayb-nuqsonlardan pok, G‘olib va Qudratli va Hikmat egasidir. Ul Alloh shunday zotki, omiylar ichida o‘zlaridan bo‘lgan bir Payg‘ambarni yubordi. Bu payg‘ambar ularga Robbisining oyatlarini tilovat qiladi va ularni barcha nopokliklardan poklaydi va ularga Kitob ya'ni Qur'on va hikmatini ta'lim beradi. Holbuki, ula bundan oldin ochiq-oydin zalolat va gumrohlikda edilar” (Jum'a surasi 1-2 – oyatlar).

Oyatdagi يُزَكِّيهِمْ (Yuzakkiyhim) ya'ni “ularni poklaydi” degan ma'no shuki, yomon va nopok xislatlar aslida hayvonlar sifati bo‘lgan. Ulardan mo‘minlarni pok va toza qiladi.

“Kitob va hikmatni ta'lim beradi” degani esa farishtalar xislatini odam farzandlariga xilqat va libos qilib beradi. Bu ta'limotning g‘oya va maqsadi – bashariyatni noqis sifatlardan pok xalos qilib, kamol sifatlar bilan oro berilsin. Va bu g‘oyaning ilk bosqichi shundan iboratki, ko‘ngil yuzini butkul dunyo muhabbatidan qaytarib Alloh tomon yuzlasin. Bu haqda Yaratgan Zot o‘z Rasuliga bunday ta'lim beradi:

﴿وَاذْكُرِ اسْمَ رَبِّكَ وَتَبَتَّلْ إِلَيْهِ تَبْتِيلًا﴾

“Ey Payg‘ambar, Robbing ismini zikr qilib, barcha narsalardan uzulib, barcha vujuding birla o‘zingni Parvardigoringa topshirgin!” (Muzzammil surasi, 8-oyat).

Demak, inson bu olamga sinov uchun kelgan va bu qisqa dunyo hayotida ziroat va tijorat qilib, uning hosilini oxiratda oladi. Zero, bu dunyo bir manzilgoh va karvonsaroy bo‘lib, uning haqiqiy qarorgohi jannatdir.

Manba: mirarabmadrasa.uz 


Kiritilgan vaqti: 17/03/2021 11:00;   Ko‘rilganligi: 116
 
Material manzili: https://www.savad-ul-azam.uz/oz/articles/actual/insonning-bu-olamdagi-yuksak-vazifasi
Chop etilgan vaqti: 04/12/2021 19:23